Nukus tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan “Yurtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish istiqbollari” mavzusida eksportchi korxona vakillari va tadbirkorlar uchun ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda soha vakillari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbarlari, dehqon-fermerlar va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlarini hukumatimiz tomonidan belgilab berilgan imtiyozlar va qulayliklar bilan tanishtirish, muammo va to‘siqlarni aniqlash hamda hal qilish, ularning taklif va tavsiyalarini eshitish, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va ularni eksport qiluvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va Vazirlar Mahkamasining “Respublikada meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishdan iborat.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori o‘rinbosari Ulug‘bek Yunusov va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur qarorlarda belgilangan meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxlarini sun’iy pasaytirib ko‘rsatish holatlarining oldini olish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni eksport qilishda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining “Agroko‘makchi” mobil ilovasida yaratilgan qulayliklar hamda undan foydalanish to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Nazorat organlarining mutaxassis xodimlari tomonidan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishdagi talablar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tushuntirildi.
Eksportyorlar tomonidan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishdagi muammolari eshitilib, soha mutaxassislari tomonidan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan savollarga javob berildi hamda qo‘shimcha tavsiyalar berildi.
Shu mavzudagi seminar To‘rtko‘l tumanida ham bo‘lib o‘tdi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA