Barcha siyosiy partiyalar qatori O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham Oliy Majlis hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayonning asosiy shartlaridan biri bo‘lgan saylovoldi tashviqot ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Nukus shahrining markazida targ‘ibot punkti tashkil qilinib, “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostida saylovoldi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi vakillari, Parlament va mahalliy Kengash deputatligiga nomzodlar, elektorat a’zolari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari faollari, jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda aholi va keng jamoatchilik vakillariga “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori asosida ishlab chiqilgan partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturida bugun Yangi O‘zbekistonda asosiy masalaga aylangan tarbiya va ta’limga ustuvorlik berilganligi tushuntirilib, dastur mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi. Jumladan, Barkamol avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘nalishi – Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘yicha belgilangan taklif va tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, partiyaning bosh maqsadi – qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland, farovon jamiyat qurishdir. Yetti yo‘nalishdan iborat Saylovoldi dasturining asosiy mazmuni esa barcha g‘oya-tashabbuslarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un bo‘lishiga erishishdir.
Ma’lumki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – ilm-fan va ta’lim, madaniyat va san’at, axborot sohasi vakillari, olimlar, tarbiyachi va o‘qituvchilar, ijodkor va san’atkorlar, sportchilar, turizm, hunarmandchilik va xalq tabobati sohasi vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarni o‘z elektorati hisoblaydi. Partiya Saylovoldi dasturida “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiorini belgiladi va bu bejiz emas.
Bu yilgi saylovlarda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 65 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga 375 nafar nomzod ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning 42 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Tadbir davomida aholiga partiyaning hamda nomzodlarning saylovoldi dasturidagi maqsad va g‘oyalari aks ettirilgan flayer, buklet materiallar tarqatildi. Bu kabi targ‘ibot punktlari istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari, bozorlar va aholi gavjum joylarda tashkil etilib, yurtdoshlarimizni joriy siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etish va “Milliy tiklanish” dasturlarini qo‘llab-quvvatlab, nomzodlar va partiyaga ovoz berishga chaqirilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.