So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasi tubdan isloh qilinib, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Chunki oliy ta’lim mamlakatimizning muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib borayotgan bir davrda har bir yosh yaratilgan sharoitlardan samarali foydalangan holda talaba bo‘lishni orzu qiladi.
– Men ham joriy yili ezgu maqsadimni amalga oshirish ilinjida hujjatlarimni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialiga o‘qishga topshirdim, – deydi veterinariya meditsinasi yo‘nalishining 1-bosqich talabasi Ulbosin Suleymenova – Ammo, to‘plagan balim biroz kamlik qildi. Lekin, 16 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda davlatimiz rahbarining 2022 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy yilda ham shahar va tumanlar uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar soni va kadrlarning ichki zaruratidan kelib chiqib, qoraqalpog‘istonlik yoshlarga 10 ming qo‘shimcha kvota ajratilganligi haqida qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun xushxabar e’lon qilindi. Eng quvonarlisi, ushbu baxtiyor tengdoshlarim orasida mening ham bor ekanligimni tasdiqlovchi ro‘yxatni ko‘rganimda ko‘zlarimdan quvonch va shukronalik yoshlari chiqdi.
Prezidentimizning ezgu tashabbusi bilan yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilishi, ayniqsa, ularni oliy ta’limga qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan mana shunday ezgu ishlar Qoraqalpog‘istondagi minglab yoshlar va oilalarga katta shodlik va yangi umid bag‘ishlamoqda. O‘tgan yili ham mazkur farmon asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yashovchi hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun davlat granti asosida qo‘shimcha 3 ming kvota, to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha 6500 kvota ajratilganida va mana shu kvota asosida o‘qishga qabul qilingan yoshlar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z taassurotlarini bayon etganida to‘g‘risini aytsam, men buni balandparvoz gaplar deb o‘ylagandim.
Mana, oradan bir yil o‘tib, aynan o‘zimga mana shunday baxt tuhfa etilib, qo‘shimcha kvota asosida talabalikka tavsiya etilganimda Prezidentimizning qoraqalpog‘istonlik yoshlarga g‘amxo‘rligi va alohida e’tiborining tom ma’noda isbotini ko‘rdim. Men kabi minglab yoshlarning eng beg‘ubor orzulari ro‘yobga chiqishiga umid bag‘ishlab, ularga talabalik baxtini tuhfa qilgan va oliy maqsadlari sari dadil qadamlar bilan intilishiga motivatsiya bergan davlatimiz rahbariga cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Albatta, ota-onam xushxabarni eshitib, o‘zimdan ikki karra ko‘proq quvondi. Onajonim shodlikdan ko‘zlariga yosh olib, yurtimiz tinch va hayotimiz farovon bo‘lishini, yoshlarimiz ilmli, salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishib, vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishini niyat qilib, duo qildi.
Endi men o‘zim o‘qishni orzu qilgan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali Veterinariya meditsinasi yo‘nalishining talabasiman. Qo‘shimcha kvota asosida tengdoshlarim kabi talabalar safiga qabul qilindim. Menga bildirilgan mana shunday imkoniyat zimmamda katta mas’uliyat va javobgarlik yukini chuqur his qilishimga turtki bo‘ladi. Davlatimiz tomonidan bildirilgan ishonchni oqlashga bor kuch-g‘ayratimni safarbar etishga astoydil intilaman.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.