O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi faollari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari, volontyorlik guruhlari saylovoldi targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda partiyaning yangi Saylovoldi dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi deputatligiga nomzodlar tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, xalq farovonligiga erishish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishda saylovlar fundamental ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi uzoq yillik tajribaga ega bo‘lib, yurtimizda o‘tkazilgan barcha saylovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Kuchli jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlashdek umuminsoniy g‘oyalarga tayangani uchun partiya g‘oyalari har doim dolzarb bo‘lib kelmoqda.
Samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda partiyaning Saylovoldi dasturidagi eng muhim yo‘nalish, xalq manfaatlari nuqtai-nazaridan ishlab chiqilgan g‘oya va takliflar yig‘ilganlarga tushuntirildi. Dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 15 qadamni o‘zida mujassam etgan 100 ga yaqin taklif va tashabbus ilgari surilmoqda. Tabiiyki, partiya bosh maqsadidan kelib chiqqan holda ijtimoiy yo‘nalishga, ijtimoiy sohadagi muammolar yechimiga asosiy urg‘u berilgan.
Muloqotda fuqaro kommunal xizmatlardan asossiz yoki ta’minotchining aybi bilan uzilgan taqdirda ta’minotchi tomonidan fuqaroga kompensatsiya to‘lash tizimini joriy etish, bu borada, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari aholini arzon elektr energiya, issiqlik va issiq suv tizimi bilan ta’minlash bo‘yicha hududiy investitsiya dasturlarini, jumladan, joylarda davlat-xususiy sheriklik tartibida dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslar kiritish borasidagi takliflar ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.
Uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.