Ijtimoiy tarmoqlarda Beruniy tumanidagi xususiy bog‘cha tarbiyalanuvchilarini olib ketayotgan avtomashina avariyaga uchragani to‘g‘risida e’lon qilingan post bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, joriy yil 19 iyun kuni xususiy bog‘cha rahbari S.G. o‘zining boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinasida bog‘cha tarbiyalanuvchilarini olib ketayotganda “Jentra” rusumli avtomashina (haydovchisi U.Q.) to‘satdan “Neksiya” avtomashinasi oldiga chiqishi oqibatida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. Yo‘l transporti natijasida bog‘cha tarbiyalanuvchilari 2018 yilda tug‘ilgan X.F. va 2021 yilda tug‘ilgan N.S. tan jarohati olib, shifoxonaga statsionar davolanishga yotqizilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, har ikkala jabrlanganlarda o‘rta darajadagi jarohatlar aniqlanib, zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan. Qolgan yo‘l transport hodisasi ishtirokchilari to‘liq ambulator ko‘rikdan o‘tkazilgan, ahvoli qoniqarli. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jinoyat ishi doirasida yo‘l harakati qoidalariga rioya etmasdan “Neksiya” avtomashinasida belgilanganidan ortiq yo‘lovchi tashigan S.G.ning hamda “Jentra” rusmli avtomashina haydovchisi U.Q.ning harakatiga qonuniy baho berilishi ta’minlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi tergovi ustidan prokuror nazorati o‘rnatildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri