Tovarlar tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilayotgan sharoitlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mas’ul vakillari ishtirokida Qo‘ng‘irot tumani tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Qo‘ng‘irot tumani mamlakatimiz shimolidagi Markaziy Osiyoda yagona o‘ziga xos mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik sanoat korxonasidir. 2006 yilda ishga tushirilgan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi bugungi kunda osh tuzi, kalsinatsiyalangan soda, ohak, texnik tuz kabi kimyo sanoatida asosiy o‘rinni egallovchi mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
Markaziy Osiyoda yagona kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 200 ming tonnani tashkil etadi. Hozir 3 smenada jami 1900 nafar fuqaroni doimiy ish o‘rni bilan ta’minlagan mazkur korxona o‘z mahsulotlarini dunyo bozorlariga ham jo‘natmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘ining qo‘ng‘irotlik tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti ham aynan ushbu korxonada bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida tadbirkorlik sub’ektlariga mahsulot eksportini amalga oshirishda bojxona organlari tomonidan joriy etilgan “Eksport 3 qadamda” tizimi afzalliklari, soddalashtirilayotgan bojxona rasmiylashtiruvi amaliyotlari haqida batafsil tushunchalar berildi. Shuningdek, “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi talab va imkoniyatlaridan Qo‘ng‘irot tumani tadbirkorlari faoliyati misolida foydalanish bo‘yicha ham taklif va yo‘nalishlar berildi.
Ta’kidlash joizki, qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar tomonidan yil boshidan 2,1 million AQSH dollari qiymatidagi 8500 tonna mahsulot “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan holda olib kirilgan bo‘lib, shundan bugungi kunga qadar 1,2 million AQSH dollari qiymatidagi 4632 tonna mahsulot qayta ishlanib, reeksport qilingan. Tumandagi tadbirkorlar faoliyatini o‘rganish doirasida mas’ullar yana bir yirik investitsion loyiha faoliyati bilan ham tanishdi.
Qo‘ng‘irot tumani “Yelobod” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida “KUNGRAD CARGO IMPEX” MCHJ tomonidan tashkil etilgan “Xalqaro logistika markazi”ning birinchi bosqichi ishga tushgan. Hududning eksport salohiyatini oshirishda mahsulotni yig‘ish, saqlash hamda temir yo‘l va avtomobil yo‘llar orqali ichki va tashqi xaridorlarga sifatli yetkazib berish loyihasining to‘liq ishga tushirilishi natijasida yiliga 27 ming tonna yukni yig‘ish, saqlash, tashish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, endilikda ushbu markazda eksportyorlar uchun kompleks xizmatlar ham ko‘rsatiladi.
Yurtboshimiz rahnamoligida tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar xalq farovonligiga xizmat qiladi. Zero, tadbirkor boy bo‘lsa, xalq ham boy bo‘ladi!
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri