Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligidagi vazirlik va idoralar mas’ullaridan iborat Respublika ishchi guruhining Qoraqalpog‘istondagi faoliyati davomida murojaatlar tahlili asosida tizimli masalalar aniqlanib, hal qilinyapti.
Bu borada ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish, shu bilan birga, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qamrovini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Respublika ishchi guruhining qisqa faoliyati davomida hozirgacha 535 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi. Shundan 241 nafari bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi, Nukus shahri, Xo‘jayli, Bo‘zatov tumanlarida 68 nafar murojaatchining o‘zini-o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi.
Prezident Xalq qabulxonasi, Vazirlar Kengashi, Nukus shahar sektorlari o‘rganishlaridan so‘ng Nukus shahridagi 35 nafar xotin-qizga subsidiya asosida tikuv mashinalari va boshqa ish anjomlari olib berildi. Endi ular o‘z mahallasidagi lider tadbirkorlarga biriktirilib, ishlab daromad topishi uchun tizim ham yaratiladi.
Qonliko‘l tumanidagi o‘rganishlar natijasida esa yuzdan ortiq murojaatchiga uy-joyi uchun mulk huquqini beruvchi kadastr hujjatlari topshirildi va ularning bu boradagi 15 yillik muammosi hal qilindi.
Qonliko‘l tumani «Navro‘z» ovul fuqarolar yig‘ini aholisi esa anchadan beri yangi bolalar bog‘chasi qurib berish masalasida murojaat qilib kelgan. O‘rganishlar taklifga, so‘ng esa loyihaga aylandi.
Davlatimiz rahbarining «Yangi O‘zbekiston» massivlarini bunyod etishga oid ezgu tashabbusi ijrosi jarayonida bu masala ham tegishli dasturga kiritilib, bugun ovulda zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Mazkur muassasa 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida bolajonlarga ta’lim-tarbiya berish uchun barcha sharoit yaratilgan. Asosiysi, bu bilan tumandagi maktabgacha ta’lim qamrovi 82 foizga yetkaziladi.
Qonliko‘llik yoshlar bilan muloqotlar yagona Vatan – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shish, yigit-qizlarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish kabi mavzularda kechdi. Maktablarni a’lo baholarga tamomlagan 19 nafar bitiruvchiga oltin va kumush medallar topshirildi.
Respublika ishchi guruhining Orolbo‘yidagi faoliyati davom etmoqda.
Mansur ABDUSATTOROV.
O‘zA