Paul Xeyze
Shunday zamonlar keladiki, texnika insonni yengadi. Birgina tugmachaga inson yuragini baxshida etadi-yu, o‘sha qurilmakimningdir qalbiga yo‘l ko‘rsatadi.
Muallifdan
Otto chang va fayzsiz ko‘chadan uyi tomon borar ekan, yo‘lida kimni ko‘rsa qo‘lidagi grammofonini maqtangisi kelardi. Uddalasa yoki oldidan o‘tayotganlarning diqqatini torta olsa, albatta, grammofonning narxi, ishlashi o‘zgachaligi, sifati haqida ularni boxabar qilib qo‘yardi. Mana, yana qo‘shnisi Aleksandrga maqtanyapti. Savdogar aytganidek, arzimagan markaga shunday noyob mo‘jizani sotib oldi-da axir.
– Rost. Bu grammofon asl nusxa. Qolaversa, shunchalar aslki, hatto men qarib-churib,ovozim tinsa ham buning ovozi o‘chmaydi. Yana bu sening kayfiyatingga qarab kuylaydi. Ertalab ruhingni ko‘taradigan o‘rtacha sokinlikdagi kuy, tushda sho‘x, kechda orombaxsh, mayin va diltortar musiqa yangraydi. Hatto yaxshilab quloqlarini burab, qora likopchani aylantirib qo‘ysang, sening yarming bo‘lib birga yashaydi. Uxlatib, uyg‘otadi. Buning ishlash amali haqida gapirsam, umuman buzilmaydi. Agar uzoqroqda turib, uni o‘chirishni xohlasang-u borib, o‘chirging kelmasa, “ o‘ch” desang, o‘zi o‘chib ham qo‘yaveradi. Narxi ham hamyonbob. Qirq besh marka.
– Qo‘ysang-chi? – deydi xunob bo‘lgan Aleksandr piching aralash tabassum bilan. – Hech bir zamonda texnikaning ham shunchalik ajabtovur hunarlari bo‘ladimi? O‘zi arzimagan pulga olgansan, namuncha og‘zingning tanobi qochmasa?
Otto savollarga javob bermasdi. Yo‘liga ravona bo‘lib, matohini maqtashda davom etardi. Birinchi kunning o‘zida o‘nlab, yuzlab kishi uning yangi grammofon olganidan xabardor bo‘ldi. Avvaliga Ottoning gaplarini jon qulog‘i bilan eshitishdi, so‘ng esa bu odatiy holga aylangach, “olamshumul” gaplaridan barcha bezidi. Buni qarangki, odamlar hatto uning so‘zlaridan zerikib, eshitmay qo‘yishdi. Ammo Ottoning baxtiga yaxshiyam shu grammofon bor ekan. Yo‘qsa, ancha yolg‘izlanib qolardi.
Ammo grammofon ham o‘lganning ustiga tepgandek, sirli ravishda buzilib qoldi. Mana shundan boshlandi barcha ko‘ngilsizliklar. Otto har kun tinmasdan grammofonni qo‘ltiqlagancha do‘kon tomon oshiqardi. Vaholanki, matohining nobobligi haqida hech kimga og‘iz ochmasdi. U kamgap bo‘lib qoldi, o‘ziga yarashib turadigan tabassumi ham yo‘qoldi. Shundayin kayfiyati ham bir alfozda. Rangi o‘chib, tezda horg‘inlashdi. Bechora.
Ko‘p qatnayverganidan do‘kon egasi ham uning holatidan hayratga tusha boshladi. Avvaliga grammofonni o‘zi buzgan, endi almashtirishning iloji yo‘q, degan qarorini o‘zgartirib, unga yonbosa boshladi. “Xohlasang yangisini ol, arzonroq beraman” dedi iddao bilan. Bu Ottoning holini yanada xarob qildi. Baribir Ottoning tinimsiz ovora bo‘lib, do‘konga kelib-ketishi, boz ustiga sog‘lig‘ining yomonlashagani savdogarning ko‘nglini yumshatdi. Jo‘mardligi tutib, eski grammofonni yangi patefonga almashtirib berdi. Ottoning tezda rangi-ro‘yi joyiga keldi. Patefonni shu qadar avaylab uyiga olib ketdiki, yo‘lda hech kimga u haqda og‘iz ochmadi. Uni ko‘rmagan, kuzatmagan insonga bu holatni so‘z bilan tushuntirish mushkul. Tezda Ottoning uyidan yana musiqa ovozlari yangray boshladi. Hayot go‘zallashib, kun yanada oydinlashdi. Ottoning rangiga rang yugura boshladi. Uning holatidan qo‘shnilar ham mamnun bo‘ldi. Yangi patefon shu darajada yaxshi ishlardiki, uni ta’riflashga til ojiz edi. Xuddiki, unda qandaydir anglab bo‘lmas sir bor edi. Ammo og‘zi kuyganidan patefon haqida hech kimga maqtanmadi.
Oylar, yillar o‘tdi. Patefon eskirmadi. Shu darajada noyob uskuna chiqdiki, Ottoning o‘zi uning texnika ekanligiga shubhalana boshladi. Bu jarayondanqo‘shnilar ham mamnun bo‘ldi.Hayot esa tizginsiz o‘taverar, vaqt esa insoniyatning imkoniyatlarini cheklab borardi. Ojiz banda o‘zi uchun kelajakdan ilinj va o‘tinch istab, umrini uzaytirishni so‘rardi. Otto ham ana shu kishilardan biri edi.
Ammo umr abadiy, yashamoq boqiyemas. Ottoning vafotidan so‘ng patefon borliqda insoniy baxt va baxtsizlik, nuqson hamda kamchiliklar haqida tinimsiz kuylashda davom etardi. Besabab ajrim, farzandsizlik, nochor hayotga ko‘nikolmagan irodasiz ayol, aqlli erga emas, dabdabali qasrga intilgan juvon, bokiraligini yo‘qotgan qiz, mehrsiz ona, aroqqa g‘arq bo‘lgan erkak,xotiniga emas, o‘zgaga ko‘ngil bog‘lagan er. Ming afsuski, Otto ellik uch yillik umrida anglamagan sinoatlar, tushunib tan olib bo‘lmaydigan qo‘shiqlar edi barchasi. Bugun Otto yo‘q, yuraksiz sovuq uskuna esa minglab qalblarni jodu qilishda davom etmoqda. Uning xirgoyisiga mahliyo bo‘lishayapti, ammo kamchiliklarini tan ololmayapti.

 

Nemis tilidan Dilobar Asliddin qizi tarjimasi