Ma’lumotlarga ko‘ra yurtimizda 4 ming 400 atrofida ro‘yxatdan o‘tgan yovvoyi o‘simlik turlari bor. Olimlar bu ko‘rsatkich doimiy o‘sib borayotganini ta’kidlamoqda. Chunki yurtimizning betakror tabiati, o‘ziga xos landshaftlari yangi kashfiyotlarni kutib turibdi.

O‘zbekiston o‘zining G‘arbiy Tyan-Shandagi Chotqol, Qurama, Ugam va Piskom, Pomir Oloydagi Nurota Zarafshon, Hisor, Turkiston singari osmono‘par tog‘lari, mamlakatimizning 80 foiz hududini egallovchi Qizilqum-Ustyurt cho‘llari yangi o‘simliklar dunyosiga ega.

U yerlardagi noyob o‘simliklar turini aniqlash, yangi o‘simlik nomini jahon faniga tanitish uchun esa olimlardan uzoq izlanish va hamkorlik talab etiladi.

Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari tomonidan dunyo fani uchun yangi bo‘lgan o‘simlik turlarini aniqlash va ularni o‘rganishda xorijlik olimlar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, Xitoy Fanlar akademiyasi vitse prezidenti, Shinjon Ekologiya va geografiya instituti Shinjon bo‘limi direktori va boshqa mutaxassislardan iborat delegatsiya Botanika institutiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida tomonlar o‘zaro manfaatli ilmiy aloqalarni rivojlantirish hamda yangi istiqbolli loyihalarni rejalashtirish maqsadida ekosistemalarni muhofaza qilish, biologik xilma- xillikni saqlash, o‘simliklarni har tomonlama tadqiq etish masalalarini muhokama qildi.

– Ushbu uchrashuv har ikki mamlakat olimlari o‘rtasida ilmiy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ilmiy axborot almashishni rivojlantirish, hozirgi kunda dolzarb hamda amaliy ahamiyati yuqori bo‘lgan fundamental va amaliy ilmiy loyihalarni birgalikda bajarishga zamin yaratadi, – dedi akademik Komiljon Tojiboyev.

Shuningdek, uchrashuv davomida olimlar o‘simliklar filogeniyasi, evolyutsion tarixi va taksonomiyasi borasidagi tadqiqotlarni, bioklimatologiya va iqlim o‘zgarishining biologik xilma-xillikka ta’sirini baholash bo‘yicha tadqiqotlarni hamkorlikda bajarishga kelishib oldi.

Uchrashuv so‘ngida mehmonlar O‘zbekiston Milliy gerbariysi fondidagi materiallar, noyob obyektlar bilan tanishdi.

 

N.Rahmonova, O‘zA