15-aprel – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni
Poytaxtimizda 15-aprel – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirga san’atning turli yo‘nalishlarida ijod qilayotgan hamyurtlarimiz, soha vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov yangilanish jarayonlari jadal kechayotgan O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasi rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidlab, ishtirokchilarni qutladi.
E’tirof etilganidek, madaniy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini tobora kengaytirish va yuksaltirish, milliy san’atimizni jahonga targ‘ib etish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodkor ziyolilar uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish borasida yangi tashabbuslar hayotga joriy etilmoqda. Sohaga doir milliy konunchilik muttasil takomillashtirilmoqda. Maqom, baxshichilik, askiya san’ati bo‘yicha markazlar tashkil etildi. San’atning ushbu betakror va qadimiy turlari bo‘yicha xalqaro festivallar muvaffaqiyatli tashkil etilmoqda. Buyuk allomalarimiz haqida filmlar yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida Toshkent xalqaro kinofestivali chorak asrdan so‘ng qayta tiklandi. Bugungi kunda madaniyat sohasida 40 mingdan ortiq xodim samarali faoliyat olib borib, tizim rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 22-dekabrdagi Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida tizim oldidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi.
– Mana uch yildirki, mamlakatimizda madaniyat va san’at xodimlari kuni keng nishonlanib kelmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Davlatimiz rahbari har qanday ezgu taklif va tashabbuslarimizni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Hali xalqimiz oldida qarzimiz ko‘p. Bugun inson ruhiyati, tafakkuri, qadriyatlarga tahdid kuchaygan bir murakkab davrda madaniyat va san’at ahli qalb, qadriyatlar, tafakkur himoyachilari bo‘lib maydonga chiqishlari zarur. Zero, ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholiga yuksak madaniy xizmat ko‘rsatish, nomoddiy madaniy merosni avaylashda hali bajarilajak ishlarimiz ko‘p. Shundagina yurtdoshlarimiz madaniy-ma’rifiy jabhalardagi islohotlar natijadorligini amalda his etadilar.
Tadbir davomida madaniyat va san’at ahlining katta guruhi, “Madaniyat vaziri kubogi uchun” an’anaviy sport musobaqasining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.
Tantanali tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida yorqin va betakror konsert dasturi muxlislar e’tiboriga havola etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri