O‘tgan yillar mobaynida biotibbiyot butun dunyo bo‘ylab investorlar e’tiborini jalb qila oldi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida inson hayotini yoki organizmini yaxshilashga hissa qo‘shadigan biotexnologiyalar jadal rivojlanadigan sohalardan biri bo‘lishi mumkin.

Qayd etish lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda biotibbiyot tadqiqotlari sohasida moliyalashtirish sezilarli darajada oshdi. Bu esa ilmiy nashrlar, biotexnologiya va tibbiyot sohasidagi patentlar sonining ko‘payishiga olib keldi. Hozirda dunyo ilmiy hamjamiyati kasalliklarni davolash, hayot sifatini yaxshilash va uning davomiyligini uzaytirish bo‘yicha yondashuvlarni tubdan o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yangi kashfiyotlar arafasida turibdi. Turli davlat olimlarining bu yo‘nalishdagi birlashuvi insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida biotibbiyot va innovatsion tadqiqotlar sohasida xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan “O‘zbekistonda biotibbiyot va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish” simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi (ANSO), Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ishtirokchilar ushbu simpozium O‘zbekiston va Xitoy davlatlarining eng muhim ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlanishiga hissa qo‘shib, bilim va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlarni ochishi hamda ilmiy tadqiqotlarni ilgari surish va zamonaviy dunyo muammolarini yengish uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqishdek umumiy maqsadga xizmat qilishini  ta’kidladi.

Simpoziumda ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan ulkan hissalari uchun Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari, professor Jorj Gaoga O‘zbekiston milliy universiteti faxriy doktorlik unvoni va Xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansi (ANSO) vakili Jingxua Kaoga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining faxriy professori unvoni berildi.

Bu unvonlar O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligining mazkur ilm namoyandalariga chuqur hurmat va ularning soha rivoji uchun xizmatlarining e’tirofi ramzidir.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA