Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda biomahsulotlarning ahamiyati yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari Kegeyli tumani “Jүzimbag‘” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi paxta maydonlarida biolaboratoriyalarda yetishtirilgan biomahsulotlarni dalalarda qo‘llash jarayonlari, “Xalqabad biofabrika” biolaboratoriyasi ish faoliyati bilan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish va dehqonchilik madaniyatini oshirish uchun agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida kechiktirmasdan amalga oshirish, o‘simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilishda ilmiy tarafdan o‘rganilgan tajribalarga suyangan holda ishlarni tashkil qilish bugungi kunning talabidir.
O‘simliklarning zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashda biologik usuldan foydalanish esa sifatli mahsulot yetishtirishning asosiy shartlaridan biri sanaladi. Bu usulda tabiatdagi entomofaglardan samarali foydalanish (qirib yubormaslik, ekinlar orasiga entomofaglarni chaqiruvchi o‘simliklarni ekish), trixogramma, brakon va oltinko‘z singari entomofaglarni biolaboratoriyalarda ko‘paytirib, dalaga chiqarish hamda mikroorganizmlar asosida yaratilgan biopreparatlarni qo‘llash choralari amalga oshiriladi.
Biologik usulning afzalligi shundaki, atrof-muhitga zarar keltiradigan kimyoviy vositalardan foydalanmasdan biologik xilma-xillikni saqlash, ekotizimni yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish orqali insonlar salomatligini himoya qiladigan organik sifatli mahsulot yetishtirishga erishish mumkin. O‘zbekiston Respublikasining “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasida ham o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy tamoyillar sifatida biologik usulni qo‘llash ustuvorligi ta’kidlangan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 15 yanvardagi videoselektor yig‘ilishida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. Jumladan, biolaboratoriyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish, har bir mahallada o‘simliklarni himoya qilish xizmatini yo‘lga qo‘yish, xo‘jaliklarda biomahsulotlar yetishtirish bo‘yicha soha vakillari vazifalari belgilandi.
Shuningdek, tabiatda biofondni rivojlantirish va zararkunandalar tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi biologik kurash ishlarini tashkil etish maqsadida joriy yilning 10 iyun sanasidan 10 iyul sanasiga qadar “Bio himoya bo‘yicha dolzarb o‘ttiz kunlik” e’lon qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararkunandalariga qarshi kurashda biologik usulni keng qo‘llash maqsadida bugungi kunda 66 biolaboratoriya faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, shundan 6 tasi Kegeyli tumanida joylashgan. Hozirgi vaqtda ushbu xo‘jaliklarda yetishtirilgan biomahsulotlar dala maydonlariga laboratoriya xodimlari tomonidan profilaktika va zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida tarqatilmoqda.
Joriy yilning shu davrigacha respublikadagi barcha biolaboratoriyalarda yetishtirilgan biomahsulotlar miqdorida oltinko‘z entofomagi 299 mln. dona, trixogramma entofomagi 449 kg, brakon entofomagi esa 138 mln. donani tashkil etadi. Bunday tadbirlardan asosiy maqsad biologik usulni keng qo‘llash va tabiatda biofondni rivojlantirish orqali fitosanitar toza va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishdan iborat.
Tadbir ishtirokchilari sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri