Qozog‘iston Respublikasi Olmaota shahridagi Quruqlikda qo‘shinlar harbiy instituti negizida X xalqaro “Aybin” harbiy-vatanparvarlik yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Unda “Vatan tayanchi” otryadlarining a’zolari bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Yurtimizning turli viloyatlaridan saralab olingan eng ilg‘or o‘quvchilar orasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumani 25-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Abdulla Jabbarbergenov hamda Kegeyli tumani 41-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Manshuk Joldasbayeva ham ishtirok etib, musobaqa davomida bir qator shartlarda O‘zbekiston Respublikasi sharafini xalqaro darajadagi musobaqada munosib himoya qilishda faol ishtirok etdi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz yoshlaridan iborat terma jamoa 750 nafar ishtirokchi o‘rtasida bilim, kuch, g‘ayrat, epchillik va chaqqonlikda ancha ustunligini isbotlab, kuchli raqobat ko‘rsata oldi.
Prezidentimizning 2022 yil 2 martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyati yo‘lga qo‘yilishi o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini yanada mustahkamladi.
Bugungi kunda maktablarimizdagi minglab bitiruvchi sinf o‘g‘il-qizlari ushbu otryadlarga qo‘shilib, o‘zlarining jamoat ishlarida, mamlakat ijtimoiy hayotida faolligi, madaniyat va sport yo‘nalishida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, eng asosiysi vatanparvarligi bilan tengdoshlariga o‘rnak va namuna bo‘lmoqda. Yosh avlodni vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, mustaqil qaror qabul qila oladigan, mamlakat va o‘z oilasi farovonligini yanada rivojlantirish orzusida bo‘lgan yoshlarni voyaga yetkazish, o‘quvchi yoshlar orasida harbiy-vatanparvarlik ruhini uyg‘otish, ularni odob-axloq, vatanga sadoqat, o‘ziga ishonch ruhida tarbiyalash, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay sharoit yaratish hamda o‘quvchilarni turli xavfli g‘oyalar va “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sirlardan himoya qilish kabi ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan “Vatan tayanchi” harakati qisqa vaqt ichida butun mamlakat yoshlarining harakatiga aylandi.
Jamoalar “Aybin sovg‘asi” intellektual o‘yini, robototexniklar o‘rtasida “Bilimdon askar” sharti, “AK-74” qurolini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, merganlik, sport shartlarida o‘zaro bellashib, jismoniy imkoniyatlarini namoyish etdi. Bir necha kun davom etgan murosasiz bahslar yakunida O‘zbekiston “Vatan tayanchi” terma jamoasi umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin mezbon — Qozog‘iston jamoasiga nasib etdi.
Nukus temir yo‘l vokzalida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida qoraqalpog‘istonlik yoshlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri