Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan bevosita muloqot, ularning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash, vatanparvarlik va yurtga sadoqat ruxida tarbiyalash, iqtidorli va salohiyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qatarilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari xodimlari tomonidan alohida e’tiborga muhtoj, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan  hamda prokurorlar otalig‘iga olingan 24 ming nafardan ortiq yosh bilan bevosita uchrashib, muammolari o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 993 nafar, prokuror otalig‘iga olingan 1259 nafar yoshga amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 500 nafarga yaqin yosh doimiy ishga joylashtirildi, 113 nafari subsidiya asosida mehnat qurollari bilan ta’minlanib, 38 nafariga ekin yer maydonlari ajratildi. Shuningdek 79 nafariga tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun imtiyozli kredit ajratilib, bandligi ta’minlandi. 136 nafar yosh kasb-hunarga o‘qitildi, 394 nafar talaba yoshning to‘lov shartnoma puli to‘lab berildi.

****

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgar ushlandi.

Jumladan fuqaro A.U. fuqaro G.U.ning ishonchiga kirib, unga qo‘shni Qozog‘iston Respublikasidagi institutda o‘qiyotganligi to‘g‘risida hujjatlarni tayyorlab berish orqali Qoraqalpoq davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi. Shuning evaziga 14 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

****

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Nukus shahar “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan  tanishdi.

Dastaval partiya yetakchisi markaz qoshidagi issiqxona faoliyati bilan  tanishib, o‘zining taklif va tavsiyalarini bildirdi.  Ma’lumot o‘rnida mazkur markazda yiliga ikki ming nafarga  yaqin tinglovchi 20 ta kasb-hunar, 6 ta xorijiy  til va 5 ta IT texnologiya bo‘yicha o‘qish imkoniyatiga ega.

Bundan keyin markazda 30 iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Vatandoshim” loyihasi doirasida “Deputatlar va yoshlar” uchrashuvi tashkil kilindi. Unda partiya yetakchisi Aktam Xaitov barcha yoshlarni 30 iyun –  Yoshlar kuni bayrami bilan qutlab, Yangi O‘zbekistonni qurishda yoshlarning o‘rni, mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor katta ekanligini alohida e’tirof etdi. Ayniqsa, Yoshlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qaroriga muvofiq mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faol yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlanganini ta’kidladi. Prezidentimiz raisligida 28 iyun kuni o‘tkazilgan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan bir qator ustuvor vazifalar ertangi kunimizning davomchilari bo‘lgan yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning yana bir dalili ekanligini hayotiy misollar bilan gapirib berdi.

Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib,  fikr va takliflarini bildirdi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri