Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani sport maktabida “Yoshlar oyligi” doirasida sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha hokim sovrini uchun o‘smirlar o‘rtasida tuman ochiq birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi.
Unda 10 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 100 nafardan ortiq sportchi o‘z vazn toifasida kuch sinashdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari bilan qo‘l jangi sport turi aholi, ayniqsa yoshlar, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari o‘rtasida yanada ommalashtirilib, soha uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda malakali kadrlar, trenerlar va hakamlar tayyorlashga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytirildi.
Bugungi kunda Amudaryo tumani sport maktabida sportning 18 turi bo‘yicha jami 2400 nafar sportchi shug‘ullanib kelmoqda. Sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha tuman yoshlari mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda ham faxrli yutuqlarga erishmoqda.
Birgina 2024 yilning olti oyi davomida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida sportchilarimiz tomonidan jami 19 ta medal, shundan 6 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medali qo‘lga kiritildi. Shuningdek, O‘zbekiston chempioni Lobar Jumaboyeva joriy yilda Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati musobaqalarida 58 kg vazn toifasida ishtirok etadi.
“Hokim sovrini” uchun o‘tkazilgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, 10-11 yosh toifasida Jahonsher Abdurasulov, Behruzbek Farhodov, Fozilbek Yo‘ldoshev hamda Niyozbek Safarniyozovlar o‘z vazn toifalarida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi. 12-13 yoshli sportchilar o‘rtasida kechgan murosasiz bellashuvlarda Yaxibbay Abatbayev, Javohir Olloyorov, Artur Utegenov hamda Alisher Mambetboyevlar o‘z vazn toifalarida raqiblaridan ustun ekanliklarini isbotlashdi. Musobaqa davomida 14-15 yoshli qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda Ulzada Utepbergenova hamda Aziza Sotiboldiyevalar o‘z vazn toifasida g‘oliblikka munosib ko‘rildi.
Shuningdek, musobaqa davomida o‘tkazilgan professional janglarda Mirjalol Yarashbayev hamda Bekniyaz Aytniyazovlar o‘z vazn toifasida birinchi o‘rinni egallashdi.
Musobaqa so‘nggida g‘olib bo‘lgan sportchilar tuman hokimligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri