30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Shubhasiz bugun yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tom ma’noda yangi O‘zbekiston qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning uzviy davomidir. O‘tgan yillarda yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash borasida Beruniy tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning shu kunga qadar “Yoshlar daftari” ga 694 nafar yosh kiritilib, 219 nafar yoshga 451 million 470 ming so‘mlik 15 turdan ziyod amaliy yordam ko‘rsatildi. Dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish uchun 627 nafar yoshga 402,5 gektar yer maydoni 30 yil muddatga ajratildi. Shuningdek, 193 nafar yosh kasb-hunarga o‘qitildi.  Mahalla yoshlari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘tkazilmoqda. 2024 yilda 38 ming 733 nafar yoshlar “5tashabbus.uz” elektron bot orqali ro‘yxatdan o‘tdi. Jumladan, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning shu kungacha bo‘lib o‘tgan tadbirlarida 25 ming 750 nafar yosh qamrab olindi.

Tadbir davomida sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari, shuningdek, sportning mini futbol bo‘yicha “Hokim kubogi” g‘oliblari taqdirlandi.

***

Yoshlarni sportga jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanining “Qurolpa” ovul fuqarolar yig‘inida 2-sektor rahbari tashabbusi bilan “Workout” sport maydonchasi foydalanishga topshirildi. Barpo etilgan sport maydonchasi ovul yoshlari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.

Homiylar hisobidan qurilgan majmuaning ochilish marosimi ovul aholisi uchun katta bayramga aylandi. Tadbir doirasida tashkil etilgan turli musobaqalar, taniqli san’atkorlarning chiqishlari, ayniqsa, yoshlar va bolalarga quvonch bag‘ishladi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri.