O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Biznes-ombudsman devoni respublikaning turli hududlarida tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazmoqda. Ana shunday muloqot Qoraqalpog‘iston respublikasidagi tadbirkorlar bilan o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda tadbirkorlarni qiynayotgan soliq, yer ajratish, kredit olish, infratuzilma va boshqa sohalardagi muammolar atroflicha muhokama qilindi. Ayrim masalalar yuzasidan tadbirkorlarga huquqiy maslahat berildi. Tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda joyida yechim topish choralari ko‘rildi.
Biznes-ombudsman devoni bu kabi sayyor uchrashuvlarni respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazishni rejalashtirgan. Maqsad bitta tadbirkorlarning ovozini eshitish, ularning muammolarini hal etish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga ko‘maklashishdan iborat.
****
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasining partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlarining o‘tgan davrdagi faoliyati natijalari va kelgusidagi vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, o‘tgan davr mobaynida partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirildi. Unda joylarda mavjud muhim masalalarni hal qilishda, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, partiya elektorati vakillarini o‘ylantirayotgan muammoli masalalarini hal qilishda deputatlik nazoratini o‘rnatishda deputatlarning o‘rni muhim ahamiyatga ega.
Partiya tashkilotlari va deputatlik guruhlarining joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari va kelgusidagi rejalari bo‘yicha hisobotlari eshitildi. Majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri