Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlarni, ayniqsa, “Inson qadri uchun” g‘oyasi ostida amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimiz hayotida uchrayotgan masala va muammolarni o‘rganish, ularga ijobiy yechim topish yo‘lida soha xodimlari tomonidan olib borilayotgan ijodiy mehnat yuqori baholanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida ijodkorlar bilan uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va uning ijrosi muntazam nazorat qilib kelinmoqda. Jumladan, 6,3 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga “Matbuot uyi”da ta’mirlash ishlari, 2 milliard 339 million so‘mlik mablag‘ evaziga Qoraqalpog‘iston televideniyesining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, 661 million so‘m mablag‘ hisobidan Qoraqalpog‘iston radiosiga radio to‘lqinlarni uzatish antennalari xarid qilish, 757 million so‘m mablag‘ evaziga “Matbuot uyi” binosida “Media-markaz” tashkillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Joriy yilda ijtimoiy-siyosiy hayotdagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka yetkazish, aholining ma’naviy dunyosini boyitishda munosib hissa qo‘shib kelayotgan “Vesti Karakalpakstana” gazetasining 105 yilligi, “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasining 100 yilligi, “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasining 90 yilligi, “Qo‘ng‘irot haqiqati” gazetasining 80 yilligi, Qoraqalpog‘iston telekanalining 60 yilligi, “Oqmang‘it tongi” gazetasining 55 yilligi, “Paytaxt” gazetasining 35 yilligi, “Qoraqalpog‘iston ovozi” gazetasining 30 yilligi qutlug‘ sanalari keng nishonlanishi – qoraqalpoq jurnalistikasi munosib rivojlanish yo‘lini bosib o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Bayram munosabati bilan o‘z kasbiga sadoqati, ijodiy yutuqlari, tinimsiz izlanishlari bilan el nazariga tushib kelayotgan bir guruh soha fidoyilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining maxsus qarori bilan davlat mukofotlari, ko‘krak nishon va faxriy yorliqlar, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
–Davlatimiz rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi katta quvonch bag‘ishladi, – deydi “Yangi O‘zbekiston” gazetasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha muxbiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mnajatdin Qutlimuratov. –Tabrikdagi “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etmoqda” degan satrlar soha xodimlariga g‘urur bag‘ishlashi bilan birga har birimizga katta mas’uliyat ham yuklaydi.
Bayram tadbiri ishtirokchilariga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev qatnashdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari