Orolbo‘yi mintaqasida yashil texnologiyalarni tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma laboratoriyasi tashkil etiladi.
Ekologiya sohasidagi tadqiqotlar va innovatsiyalarni chuqurlashtirish maqsadida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida bo‘ldi. Safar doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasining Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bosh direktori, professor Chjan Yuanming va Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori B.Xabibullayev tomonidan qo‘shma laboratoriya tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
Laboratoriya Orolbo‘yida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, ekologik tiklanish, suv resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish va boshqa yo‘nalishlarda ilmiy almashinuv va innovatsion hamkorlikka xizmat qiladi. Ushbu laboratoriyadan Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi hamda texnologiyalaridan ekologik tiklanish, qishloq xo‘jaligida suvni tejashda yuqori samaradorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan barqaror foydalanish va bioxilma-xillikni saqlash kabi muhim sohalarda foydalaniladi.
Qo‘shma laboratoriyaning tashkil etilishi Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish va mintaqadagi dolzarb ekologik muammolarni hal yetish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri