Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan faol jurnalistlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi Sag‘indiq Turmanov barcha ommaviy axborot vositalari xodimlarini bayram bilan qutlab, ularning mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash, demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lida faollik ko‘rsatib kelayotganini qayd etdi. Global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilish, yurtimizdagi yangilanish jarayonlarini yoritish, erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etishdagi katta xizmatlari, zamonaviy media tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, bugun mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga qo‘shayotgan hissalari qatori partiyaning siyosiy kuch sifatidagi faoliyati bilan hamkorlikdagi faoliyatlari alohida e’tirofga munosibligini ta’kidladi.
Axborot sohasidagi erkinlik va oshkoralikni ta’minlash hamda keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Ayniqsa, taraqqiyot va ijtimoiy hayot voqeliklarini xalq ommasiga yetkazishda televideniye, radio, internet hamda bosma nashrlarning o‘rni beqiyos.
Barchaga yaxshi ma’lumki, matbuot va ommaviy axborot vositalari ishi har tomonlama mas’uliyatlidir. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi paytda ushbu mas’uliyat yanada kuchaymoqda. Ayniqsa, har yili bayram arafasida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilinishi, unda fidoiy jurnalistlarning orden va medallar bilan taqdirlanishi media sohasiga bo‘lgan e’tiborning yuqori ekanligidan darak beradi.
Uchrashuv davomida bir guruh soha vakillariga partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari