O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston xalq rassomi, marhum Jollibay Izentayevning I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyida “Ijod tuyg‘usi” nomli ko‘rgazmasi ochildi.

Tadbirda mutasaddi muassasa va tashkilotlar vakillari, rassomning hamkasblari, shogirdlari hamda yaqinlari ishtirok etdi. Ko‘rgazmaning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar taniqli rassomning hayoti va ijodiy ishlariga to‘xtaldi.

Rassomda san’atga bo‘lgan qiziqish bolalik chog‘laridan paydo bo‘lgan. Maktab davrida rasm-chizmachilik fani o‘qituvchisi, taniqli haykaltarosh A.Atabayev yosh Jollibaydagi iqtidorni payqab, uning qobiliyatini rivojlantirishga bel bog‘laydi. Maktabni tugatganidan so‘ng, u bir yil davomida yoshlar gazetasida retushchi rassom bo‘lib ishlaydi va bir vaqtning o‘zida tasviriy san’at bo‘yicha to‘garakda shug‘ullanish asnosida nukuslik rassomlar bilan doimo muloqotda bo‘ladi. Jollibay Izentayev o‘z kasbi bo‘yicha asosiy bilimni Toshkentda oladi. Dastlab u Respublika rassomlik bilim yurtida (1961-1966), so‘nggra Toshkent teatr va rassomlik institutida (1966-1974) tahsil oladi.

1974-yilda Nukusga qaytganidan so‘ng, Qoraqalpog‘iston badiiy san’ati olamida yetakchilardan biriga aylanadi. 1979-yilda u Qoraqalpog‘iston rassomlar uyushmasi raisi etib tayinlanadi. Keyinchalik mustaqillik yillarida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limiga raislik  qiladi va umrining oxirigacha ushbu lavozimda faoliyat yuritadi.

“Ijod tuyg‘usi” ko‘rgazmasi rassom tavalludining 80-yilligiga bag‘ishlanadi. Unda rassomning turli yillarda yaratgan va mo‘yqalam ustasining keng ijodiy imkoniyatlarini o‘zida aks ettirgan asarlari namoyish etilgan. Rassom o‘z ijodiy faoliyatini 1970-yillarda portret, manzara, natyurmort va tarixiy janrlarda asarlar yaratish bilan boshlaydi. O‘sha davrda uning ijodida keyinchalik o‘zining ta’sirini ko‘rsatgan impressionistik uslub kuzatila boshlaydi. Rassom mo‘yqalamda  o‘z ona yurti manzaralarini, oilasi va do‘stlarining ko‘plab portretlarini yaratib, atrofdagi olamga va undagi odamlarga ma’naviy bog‘liqlikni hamda samimiy muhabbatni his qiladi.

J.Izentayevning obrazlarga boy dunyosi rassomning o‘ziga xos, takrorlanmas uslubi Qoraqalpog‘iston tasviriy san’at olamida muhim o‘rinlardan birini belgilab bergan zamonaviy va xalq san’atining jamlanmasidir.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbiri