Maxtumquli tavalludining 300 yilligiga
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida turkman xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlab “Qardosh xalqlarning do‘stligini mustahkamlashda Maxtumquli ijodining tutgan o‘rni” mavzusida ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bu yil nufuzli xalqaro tashkilot – YUNESKO rahnamoligida Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yillik qutlug‘ yubiley sanasi dunyo miqyosida keng nishonlanayotgani ham shoir adabiy merosi jahon so‘z san’atining bebaho xazinasiga aylanib, insoniyatning ma’naviy olamini yuksaltirishga xizmat qilib kelayotganidan dalolat beradi. Shoir tavalludini mamlakatimizda ham keng nishonlash bo‘yicha davlatimiz rahbarining joriy yil 19 fevralda “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Maxtumqulining o‘z davrida Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgani, Alisher Navoiydek buyuk so‘z san’atkorini o‘ziga ustoz deb bilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi chinakam do‘stlikning ajoyib namunasidir.
–Turkman xalqining shoiri Maxtumquli nafaqat turkiy xalqlar, balki jahon adabiyoti va madaniyati tarixida muhim o‘rin egallagan mutafakkir edi, –deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professori O.Gayliyeva.- Donolik so‘z ustasining chuqur gumanizm bilan sug‘orilgan asarlari mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqining ezgu qadriyatlari va olijanob fazilatlarini tarannum etishi, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat namunasidir.
Tadbir ishtirokchilariga shoir asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri