Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 8 fevral kuni mamlakat armiyasi boshlig‘ini quruqlikdagi kuchlar qo‘mondoni bilan almashtirdi. Bu voqea Rossiya bilan qariyb ikki yildan beri davom etib kelayotgan ziddiyat fonida ro‘y berdi.

Harbiy rahbariyatdagi jiddiy o‘zgarish ko‘plab ukrainaliklar nazdida milliy qahramon sifatida ko‘riladigan armiya boshlig‘i general Valeriy Zalujniy va Prezident Zelenskiy o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida bir necha oydan beri davom etib kelayotgan mish-mish ortidan yuzaga keldi.

– Bugundan boshlab Ukraina Qurolli Kuchlari rahbarligini yangi boshqaruv jamoasi o‘z zimmasiga oldi, – degan Zelenskiy bayonotida.

U armiyaning yangi rahbari etib general-polkovnik Aleksandr Sirskiyni tayinladi.

Quruqlikdagi qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilib kelgan Sirskiy darhol ishga kirishgan, chunki Kiyev Qo‘shma Shtatlar bir necha oydan beri siyosiy mojaro tufayli kechiktirayotgan muhim harbiy yordamni kutyapti.

Ukraina armiyani safarbar qilish dasturini jadal isloh qilish uchun kurashayotgan bir paytda, general Zalujniyning ishdan olinishi frontdagi qo‘shinlar ruhiy holatiga zarba berishi mumkin. Ayni vaziyat, hatto, Zelenskiyning reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi siyosiy oqibatga ham olib kelishi mumkin.

So‘rovnomaga ko‘ra, “temir general” sifatida tanilgan Zalujniy jamoatchilik ishonchini 90 foizdan ortiqroq darajada qozonganini ko‘rsatmoqda. Bu Prezident Zelenskiyning 2023 yil oxiridagi 77 foizlik reytingidan ancha yuqori.

Voqealar Zelenskiy va general Zalujniy harbiy rahbariyatdagi o‘zgarishlarni muhokama qilish paytidan rivojlana boshlagan. O‘shanda yetakchi qo‘mondondan “o‘z jamoasida” qolishni so‘ragan. General esa Zelenskiy bilan “muhim va jiddiy suhbat” o‘tkazgani, jang maydonida taktika, strategiyani o‘zgartirish to‘g‘risida yangi qaror qabul qilinganini aytadi.

– 2024 yil vazifalari 2022 yildagidan farq qiladi, shuning uchun har bir inson o‘zgarishi, g‘alaba qozonish uchun yangi voqelikka moslashishi kerak, – deyiladi uning bayonotida.

Rossiya havo zarbasi Kiyev va Nikolayevda besh kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Chorshanba kuni ertalab Rossiya raketalari va uchuvchisiz uchoqlari Ukraina bo‘ylab shaharlarni nishonga oldi. Hujum natijasida kamida 5 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi, deb xabar berdi Ukraina rasmiylari.

Kiyev janubi-g‘arbidagi Xolosiyevskiy tumanida ko‘p qavatli uy portlab, 4 kishi qurbon berildi.

Rasmiylarga ko‘ra, janubdagi Nikolayev shahrida ham 1 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Mamlakat aholisi ogohlantirildi, hujumlar Lvovgacha, Polsha chegarasi yaqinidagi hududlargacha xavf solmoqda.

Ukraina sobiq Bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy ta’kidlashicha, Rossiya jami 64 ta raketa va uchuvchisiz uchoq otgan, shundan 44 tasi urib tushirilgan. Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, qanotli raketalar g‘arbiy Lvov, Ternopol va Ivano-Frankovsk viloyatlari tepasida kuzatilgan.

Kiyev meri Vitaliy Klichko urib tushirilgan qurollar elektr uzatish tizimiga zarar yetkazgan va oqibatda poytaxtning ayrim xonadonlari elektrsiz qolgan.

– Nikolayevda shifoxonaga olib ketilgan kishi jarohat tufayli vafot etdi, – dedi shahar meri Aleksandr Senkevich. – Hujumdan so‘ng yaralanganlarga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Xarkovda ham portlash eshitilgani, infratuzilmaga muayyan darajada zarar yetgani haqida harbiy ma’muriyat xabar tarqatdi.

BMT Rossiyani ukrainalik bolalarni

“majburiy ko‘chirish”ni to‘xtatishga chaqirmoqda

Kiyev 20 ming bola oilasi yoki vasiylari roziligisiz Ukrainadan Rossiyaga olib ketilganini da’vo qilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bola huquqi bo‘yicha qo‘mitasi Rossiyani ukrain bolalarini chegaradan majburan o‘tkazishni to‘xtatish, ularni oilasiga qaytarishga chaqirdi.

2022 yil fevralda Ukrainaga nisbatan amaliyot boshlagan Rossiya “evakuatsiya qilingan bolalarni joylashtirish uchun birinchi navbatda ularning iltimosi inobatga olinadi, roziligi so‘raladi” deya bayonot bergandi.

O‘z navbatida Xalqaro jinoyat sudi Prezident Putinni bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishda ayblamoqda. Kreml esa bu iddaoni doim rad etib keladi.

Rossiya Bolalar huquqi bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belova ham Ukrainadan bolalarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda.

BMT qo‘mitasi Moskvadan Lvova-Belovaga qarshi urush jinoyati ayblovini tekshirishni talab qildi. Ukrainadan qancha bola olib ketilgani, ular qayerda yashayotgani haqida ma’lumot berishni so‘radi.

Rossiya faqat zaif bolalarni nizo hududidan himoya qilganini ta’kidlagan.

Yanvar oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan tinglovda Rossiya delegatsiyasi rahbari, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Aleksey Vovchenko ukrainaliklar o‘z mamlakatidan majburan olib chiqilganini inkor qildi. Uning aytishicha, Ukrainaning 4,8 million aholisi, jumladan 770 ming bola Rossiya tomonidan qabul qilingan.

BMT qo‘mitasi raisi Enn Skelton aytishicha, yig‘ilishda Rossiya delegatsiyasi bilan fikrlar qarama-qarshiligi kuzatilgan.

O‘tgan yil BMT Ukrainadagi maktab va shifoxonalarga hujum chog‘ida halok bo‘lgan o‘g‘il-qizlarga ishora qilib, Rossiyani bolalar huquqini buzayotgan davlatlar ro‘yxatiga kiritgan.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA