Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan haftalik rejada belgilangan vazifalar doirasida suv xo‘jaligi ob’ektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlarini muhokama etish hamda kelgusi vazifalarni belgilab olish yuzasidan Xo‘jayli tumanidagi “Shirin-jap” kanalida boshlangan betonlash ishlari mas’ullar ishtirokida o‘rganildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, “Qoraqalpog‘istonsuvqurilishinvest” davlat muassasasi mas’ul rahbarlari va pudratchi quruvchi tashkilot rahbarlari hamda loyihachi mas’ullar mazkur kanalni betonlashga tayyorlanayotgan qismidan betonlashgacha bo‘lgan jarayonlarni ko‘zdan kechirdi.
O‘rganish davomida “Bunyodkor Janubiy SQB” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari D.Yusupov mazkur kanalni betonlash ishlarini sifatli va barcha ishlar loyihada ko‘rsatilgan talablar asosida amalga oshirilishi uchun tajribali mutaxassislar va barcha zarur texnikalarni ushbu ob’ektga jalb qilganini ta’kidlab o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, “Shirin-jap” kanalini rekonstruksiya qilish hukumatimizning tegishli qarori asosida 2024 yilning davlat dasturiga kiritilgan. Bugungi kungacha ob’ektda bosh pudratchi “Bunyodkor Janubiy SQB” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 2,8 kilometr uzunlikda 4 ming 458 metr kub tuproq-qazish betonlash ishlariga tayyorgarlik, shundan 538 metr uzunlikda kanalda 279,0 metr kub betonlash ishlari amalga oshirildi. Ob’ektda jami 10 dona maxsus texnika hamda 80 nafardan ortiq ishchi-xodim ish olib bormoqda.
Xo‘jayli tumanidagi “Shirin jap” kanali 1993 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, uzunligi 3 kilometrni, loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyati sekundiga 1,5 metr kubni tashkil qiladi. Kanal “Suyenli” magistral kanalidan suv olib, tumandagi “Mustaqillik”, “Sarishungul” va “Amudaryo” ovul fuqarolar yig‘inlari hududidagi fermerlar hamda aholining tomorqa maydonlarini suv bilan ta’minlaydi.
Bugungi kunda kanalning tubini loyqa bosgan, qirg‘oqlarning ayrim joylari yemirilgan va qirg‘oqlarida daraxtlar o‘sib kanalning ko‘lami kichrayishi hisobiga suv o‘tkazish qobiliyati sekundiga 0,5 metr kubga pasayganligi sababli, foydali ish koeffitsiyenti 65 foizgacha tushib qolgan. Natijada ushbu kanalga bog‘langan fermer va aholi tomorqalari yer maydonlarini kafolatli suv bilan ta’minlashda muammolar vujudga kelib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan edi.
Mazkur kanalning bosh qismida suv o‘tkazish qobiliyati sekundiga 1,5 metr kubga yetkazilsa, foydali ish koeffitsiyenti 0,65-0,90 foizga ko‘tariladi. Natijada suvning tezligi oshishi hamda filtratsiyaning oldi olinishi natijasida yiliga o‘rtacha 1,5 million metr kub suv iqtisod qilinib, 23 ta fermer xo‘jaligining jami 1 ming 670 gektar yer maydoni kafolatli suv bilan ta’minlanishiga erishiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.