Jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘layotgan poytaxt atmosfera havosining ifloslanishi bugungi kunning eng dolzarb masalasiga aylandi. Darhaqiqat, so‘nggi paytlarda Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani, tegishli reytinglarda “qizil” ko‘rsatkichlar qayd etilayotgani kuzatilmoqda. Bu esa jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy kengashi, Toshkent davlat transport universiteti, Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamkorligida Toshkent shahri havosi ifloslanishining sabablari va uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalarga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Tadbirda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan atmosfera havosining ifloslanishi sabablari va uning oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar qizg‘in muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, havoning ifloslanishi inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, allergiya va nafas olish tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi sabablardan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bundan bir necha yillar avval yiliga 10 mingga yaqin onkologik kasalliklar aniqlangan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 25 mingga yaqinlashdi. Bunda ekologik muammolar, havoning ifloslanishi asosiy omil bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.

— Mamlakatimizda ekologik muammolarni bartaraf etish, atmosfera havosi ifloslanishining olidini olish borasiga keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Matmuratov. — Ammo shunga qaramay, Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib bormoqda. Bunga tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lmoqda. Ushbu tadbir davomida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar o‘z yo‘nalishida ushbu muammolarni hal etish yuzasidan takliflarini, chora-tadbirlar rejasini berishi lozimligi aytildi. Shular asosida Hukumatga aniq choralar ko‘rish, qarorlar qabul qilish yuzasidan taqdimnoma kiritiladi.

Jamoatchilik eshituvida soha mutaxassislari, senator va deputatlar atmosfera havosi buzilishining asosiy omillari haqida to‘xtalib, bu  borada bir qator takliflarni bildirdi. Eshituv yakunida Toshkent shahri havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqilib, Hukumatga taqdim etishga kelishib olindi.

Muhtarama Komilova,  

Doniyor Yakubov (video),  

O‘zA