Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil topganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakillari ishtirokida Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti talabalarini harbiy kasbga yo‘naltirish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda harbiy tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli Mudofaa vazirligi tizimidagi shifo maskanlari zamonaviy qiyofa aks etib, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani hamda yuqori malakali harbiy tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatilayotgani alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, yangilangan Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik hamda Nukus harbiy gospitallari amaliy ishlarning yaqqol isboti bo‘lib, ushbu shifo maskanlarida eng ilg‘or davolash usullari hamda tibbiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Zamonaviy tibbiy diagnostika hamda boshqa uskunalar yordamida yurt himoyachilarining sog‘lig‘ini saqlash, ularga muolaja ko‘rsatish tizimini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Sohani rivojlantirish hamda kadrlarni tayyorlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 oktyabrdagi “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakulteti negizida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.
Harbiy tibbiyot akademiyasi bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga kiruvchi vazirliklar va idoralar uchun yuqori malakali harbiy tibbiyot sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan ofitser kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish vazifasini bajaradi.
Akademiyada kursantlar bakalavr va harbiy tibbiyot sohasi uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha harbiy internaturada ikki yil davomida ta’lim oladi. O‘zbekiston oliy tibbiy ta’lim muassasalari davolash fakultetlarining 5-bosqichini va tibbiy-profilaktika fakultetlarining 4-bosqichini tamomlagan talabalar Harbiy tibbiy akademiyaga topshirish imkoniyatiga ega bo‘lib, kelgusida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash istagini bildirgan, shuningdek, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra, harbiy xizmatga yaroqli bo‘lgan talabalar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tanlab olinadi.
Suhbat asnosida talabalar harbiy tibbiyot sohasiga kadrlarni yetkazib berish mas’uliyati yuklangan akademiyada o‘qishni davom ettirish istagida bo‘lgan nomzodlarga qo‘yilgan talablar to‘g‘risida ham batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Mazkur oliy harbiy ta’lim muassasasi to‘g‘risida videorolik namoyish etildi.
Uchrashuv yakunida Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan konsert dasturi hamda muddatli harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi usullari bilan chiqishlari namoyish etildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri