Nukusdagi I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida taniqli rassom Islam Jaqsibayev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Ona yurtning iliq tafti” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

Rassom 1943 yilda Nukusda tug‘ilgan. U maktab davrida qo‘shnisi tufayli rasm chizishga qiziqadi, “Ota portreti” nomli birinchi ishini esa o‘rta maktabda o‘qigan davrida chizgan.

I.Jaqsibayev 1962 yilda P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtiga o‘qishga kirdi. 1968 yilda maktabni tugatganidan so‘ng, o‘qishni davom ettirib, A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomlik institutining talabasi bo‘ldi. U O‘zbekistonning yetakchi rassomlaridan biri R.Ahmedovning ustaxonasida tahsil olgan. 1973 yilda institutni tugatganidan so‘ng Nukusga qaytib, O‘zbekiston badiiy fondning ishlab chiqarish ustaxonalarida ijodkor – rassom bo‘lib ishladi. O‘sha yillarda I.V.Savitskiy bilan tanishadi. 1979 yilda badiiy fondda ishlashni davom ettirib, Nukus rassomlik bilim yurtiga o‘qituvchi sifatida ishga kiradi. 1980 yilda O‘zbekiston rassomlar uyushmasi a’zosi bo‘lgan.

Islam Jaqsibayev 1960-1980 yillarda Qoraqalpog‘iston rassomlik maktabini shakllantirishga katta hissa qo‘shgan. Uning yengil va sokin palitrasi an’anaviy san’atga xos bo‘lgan ona yurtning yorqin rang-barangligining bir qismiga aylandi. Rassomlik ustaxonasidagi ko‘plab hamkasblari singari, u ham o‘z ijodida qoraqalpoq an’analari va urf-odatlariga murojaat qildi. Lekin uning asarlari qoraqalpoq etnografiyasining fotografik takrorlanishi emas, balki ona yurtning rassom tomonidan yaratilgan badiiy tasviridir (“Navro‘z bayrami. Ko‘pkari”, “To‘y. Betashar”, “Qovun bozori”). Uning asarlarida ona yurtning ko‘zga tashlanmaydigan burchaklariga (“Eski qishloqdagi ko‘cha”, “Ovulda peshin payti”) alohida e’tibor qaratgan. Oddiy odamlar, qarindoshlar, do‘stlar uning portretlarining qahramonlariga aylanishi bejiz emas (“Bola portreti”). Orol dengizi fojiasi uning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Shu bois rassom bu mavzuni e’tiborsiz qoldirib keta olmadi. Uning asarlarida ushbu fojianing butun tarixi aks ettirilgan – to‘lib-toshgan Orol dengizidan jonsiz cho‘lgacha (“Etyud.Qayiqlar”, “Orol”).

I.Jaqsibayevning ijodi xalq etnografiyasini yorqin ifodalaydi, Qoraqalpog‘iston tabiati va xalqining ma’naviy hayoti, go‘zalligini o‘zida mujassam etadi va respublikaning butun rangdor tabiatini mavzuli kompozitsiyalarida va portretlarida aks ettiradi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari