Qaror va ijro
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hududlarda ushbu ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, chiqindilarni qayta ishlashda yuqori texnologiyalar qo‘llaniladigan ishlab chiqarishlarni joriy etish, shuningdek, qulay investitsiya muhitini yaratish orqali sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu jumladan, “Global position system” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan imzolangan davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida 18 milliard 140,3 million so‘m investitsiya kiritish majburiyati bilan Amudaryo, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari aholisiga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish belgilangan. Bugungi kunga korxona tomonidan 1 milliard 609,2 million so‘m investitsiya kiritildi.
Jumladan, loyiha doirasida “Global position system” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining “Cheng Li Special Automobile Co.Ltd” kompaniyasi bilan 12 dona maxsus avtotransport olib kelish bo‘yicha import shartnomasi imzolandi. Shundan yangi yil bayrami arafasida 3 tasi olib kelindi. Qolganlari kelgusi yili olib kelinishi rejalashtirilgan.
–Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni takomillashtirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatning sifatini yanada yaxshilash maqsadida Orolbo‘yidagi 8 ta tumanga biriktirilgan 3 ta korxona bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi tuzildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘limining bosh mutaxassisi Islam Dauletmuratov. –Ushbu bitimga muvofiq 34 dona zamonaviy chiqindi tashish texnikasini olib kelish belgilangan bo‘lsa, bugungi kunda 12 ta har xil texnika olib kelindi. Shu bilan birga, qaror asosida ushbu korxonalarga chiqindilarni saralash va qayta ishlash, chiqindi poligonlarini konteynerlar bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Bu bo‘yicha To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlariga biriktirilgan korxona tomonidan chiqindilarni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha 4 dona uskuna olib kelingan bo‘lsa, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlariga biriktirilgan korxona tomonidan chiqindilarni qayta ishlash uchun bino ajratilib, zarur uskunalar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi chiqindilarni olib ketish va poligonlarga joylashtirish bilan bog‘liq ishlarning yanada yaxshilanishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga, aholining qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlashga xizmat qiladi. Eng asosiysi, atrof-muhitning chiqindilar bilan ifloslanishining oldi olinadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari