Yangi yil bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari, polkovnik D.Ilhomov, Nukus shahar hamda To‘rtko‘l tumani hokimliklari, Mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlari hamda keng jamoatchilik vakillari Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan Nukus shahrida istiqomat qilayotgan Qodirboy Normanov, Mariya Karnishina va to‘rtko‘llik 99 yoshli Ivan Galenko xonadonida bo‘ldi.
Urush faxriylariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yo‘llagan Yangi yil bayrami tabrigi o‘qib eshittirildi, ularga sovg‘a-salomlar va moddiy yordam, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Ta’kidlanganidek, Ikkinchi jahon urushi millionlab insonlarning bevaqt o‘limiga, katta yo‘qotishlarga sababchi bo‘lgan tarixdagi eng dahshatli qonli qirg‘inlardan biri sifatida muhrlanib qoldi. Urushda 66 ming nafar qoraqalpog‘istonlik ishtirok etgan va ulardan 34 ming nafari janggohlarda halok bo‘lgan. Qoraqalpog‘istondan frontga safarbar etilgan 14 mingdan ziyod yurtdoshimiz jangovar xizmatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Bugungi dorilomon kunlarda qoraqalpog‘istonlik 3 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi umrguzaronlik qilib kelmoqda.
Keksayib qolgan otaxon-onaxonlar bugungi tinchlik va osoyishtalik uchun minnatdorchilik bildirdi. Faxriylarning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va jasorati ulug‘landi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri