Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qirq yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, soha va sektor rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibida dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasining 2024 yilgi byudjeti to‘g‘risidagi masala haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri R.Sultanovning ma’ruzasi tinglandi.

Ta’kidlanganidek, 2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti daromadlari 3 trillion 69 milliard 349 million so‘m miqdorida rejalashtirilgan bo‘lsa, xarajatlar 5 trillion 147 milliard 284,2 million so‘m miqdorida prognoz etilmoqda. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan tadbirkorlar uchun qulay biznes muhitini yaratish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, ijtimoiy muhofazani kuchaytirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, hududlardagi, shu jumladan, mahallalardagi muammolarni bartaraf etish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi ahamiyatli yo‘nalishlar takomillashtirildi.

Shundan so‘ng 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yakunlari, 2024 yilga belgilangan rejalar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining murojaati to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov ma’ruza qildi.

2023 yilning yakunlari bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 104,1, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 101,5, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 103,5, qurilish-pudrat ishlari 107 hamda xizmatlar hajmi 111,1 foizga o‘sishi kutilmoqda. Shu bilan birga, kelgusi yili yalpi hududiy mahsulot hajmini 105,6, sanoat 106,1, qishloq xo‘jaligi 103,7, qurilish ishlarini 108 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Sessiyada, shuningdek, “Turizm to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni loyihasi, “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni loyihasi, Orolbo‘yini kelgusi yili ishsizlikdan xoli hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining hisoboti, ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri