Taniqli shoir Rustam Musurmon samimiy, ko‘nglida g‘ubori yo‘q, hamisha ko‘makka tayyor, izlanishdan charchamaydigan, doim xalq mehridan ilhom olib, ijod qiluvchi qalamkash. She’rlari o‘zidek samimiy, xalqchil.
Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ijod ahlining samarali mehnat qilishi, yangi-yangi asarlar yaratishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, bu boradagi ibratli sa’y-harakatlarga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbuskor ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bu borada yanada ko‘proq sharoitlar yaratib berish, kitobxonlikni rivojlantirish, badiiy tarjima maktaabining eng yaxshi an’analarini ravnaq toptirish bilan birga qalamkashlarning yosh avlod tarbiyasi borasidagi sa’y-harakatlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi.
Shoir tavalludiga bag‘ishlangan ma’rifiy anjumanda ishtirokchilar Rustam Musurmon ijodi xususida batafsil to‘xtaldilar.
Kecha davomida ijodkorning “Bir juft so‘z” she’rlar to‘plami, shuningdek, shoir tarjima Shandor Petyofining “Ozodlik”, Aleksandr Faynbergning “Qoralamaga qasida”, Kengesboy Karimovning “Masofalar”, Baxtiyor Genjamurodning “Yurakning o‘tli osmoni”, Sog‘inboy Ibrohimovning “Yo‘l o‘rtasi” she’riy kitoblari haqida so‘z bordi. Zero, Rustam Musurmonning ijodiy faoliyati, tarjima dunyosidagi salmoqlari ishlari haqida gapirib o‘tdi.
Rustam Musurmon 1963 yilning 26 avgustida Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Yakkatut qishlog‘ida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Shoirning “Ruhimning tovushi”, “Xirgoyi”, “Bozbarak”, “Bir juft so‘z” she’riy to‘plamlari, “Ruh nasibasi” dostoni, “Muqanna” qissasi adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish.
– Shoir badiiy tarjimon sifatida ham barakali ijod qilib kelyapti, – dedi adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov. – Xususan, u qoraqalpoq xalqining ardoqli farzandlari Ajiniyoz, Berdaq she’rlarini, Ibroyim Yusupovning tanlangan asarlarini, O‘razboy Abdurahmonovning “Orolim – dardim mening” roman-essesini, Kengesboy Karimovning “Og‘abiy” romanini, Muratboy Nizanovning “Havo kemasidagi ikkovlon” qissasini, Baxtiyor Genjamurodning “Ukuzdaryo bitiklari” she’rlar va dostonlar to‘plamini, “Madexon so‘zi yoxud Chin ipagidagi bitik”, “Qoraqalpoq” dostonlarini, Allanazar Abdiyevning qator hikoyalarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan.
Rustam Musurmon shuningdek, Sapfo, Praksilla, Gabriela Mastral, Marina Svetayeva, Anna Axmatova, Eyla Kvikkaxo, Ida Gramko, Ana Blandiana, Ivan Vazov, Dimitr Metodiyev, Veselin Xanchev, Andres Mata, Andres Eloy Blanko, Manuel Felipe Ruxelis, Antonio Arrais, Migel Otero Silva, Eduardo Galegos Mansera, Anna Svershinskaya, Tadeush Rujevich, Andjey Bursa va boshqa ko‘plab jahon yozuvchi-shoirlarining she’rlari hamda nasriy asarlarini tarjima qilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” ruknida chop etilgan, qoraqalpog‘istonlik yosh ijodkorlar Sarvinoz Musaddinovaning “Karvon yo‘llari”, Allayor Darminovning “Oy do‘st” she’riy to‘plamlarining ham tarjimonidir.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmonning turkum she’rlari va publitsistik maqolalari “Amudaryo” jurnalida, “Erkin Qoraqalpog‘iston”, “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetalarida muntazam chop etib kelinadi. Matbuotda 200 dan ortiq adabiy tanqidiy va badiiy publitsistik maqolalari e’lon qilingan.
– Bugun har qachongidan ham ko‘proq yozuvchi va shoirlarga, umuman ijod ahliga e’tibor kuchaygan, – dedi shoir Rustam Musurmon. – Bunday e’tibor xalqimizga, Vatanimizga, adabiyotimizga yanada ko‘proq mehr-muhabbat bilan xizmat qilishga undaydi.
Adabiy anjumanda shoir ijodidan namunalar o‘qildi.
N.Usmonova, O‘zA