Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Xitoy Xalq Respublikasining “Sichuan Metallurgical Control Group Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev dastlab davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholi farovonligini ta’minlash, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsion jozibadorlikni orttirish borasida qabul qilingan farmon hamda qarorlar mazmun-mohiyatiga to‘xtaldi.
Uchrashuvda respublika hududida yangi investitsion loyihalarni ishga tushirish, bu borada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Xitoy-O‘zbekiston, shuningdek, Qoraqalpog‘iston bilan birga o‘rnatilgan aloqalarni yangi bosqichda davom ettirish, Orolbo‘yida tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, metall rudalarini qazib olish, qayta ishlash hamda ishlab chiqarish borasidagi loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Shu jumladan, Futszyan provinsiyasining “Sichuan Metallurgical Control Group Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga dastlabki bosqichda 35 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish orqali oltin va misni qayta ishlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni amalga oshiradigan mis klasterini tashkil etish loyihasi doirasidagi ishlar muhokama qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri