Qoraqalpog‘iston san’at saroyida “Alg‘ыs-2023” madaniyat va san’at sohasidagi yilning eng faollarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, Prezidentimiz tashabbusi bilan madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash, har tomonlama rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklarga to‘xtalib o‘tdi. O‘tgan qisqa davr ichida sohaga oid bir qator farmon va qarorlarning qabul qilinishi ishlar ko‘lamini yangi bosqichlarga ko‘tarmoqda. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston bo‘yicha alohida qabul qilingan qarorlar milliy madaniyatimiz bilan san’atimizni yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 maydagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Joriy yilning 10 iyul kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga, uning madaniyati va san’atiga bo‘lgan alohida e’tiborining yaqqol namunasi bo‘ldi desak, yanglishmaymiz.
Tantanali marosimda madaniyat va san’at sohasida fidoyilik qilib kelayotgan bir qator soha vakillari, nuroniy-ustozlar va yoshlar “Fidoyi mehnatlari uchun”, “Milliy raqs san’atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun”, “Yilning eng faol ijodkorlar jamoasi”, “Yoshlarni tarbiyalashdagi faolligi uchun” kabi 26 ta nominatsiya bo‘yicha “Alg‘ыs-2023” mukofoti, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir madaniyat xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari