Nukusda o‘qituvchilar qurultoyi yuqori saviyada tashkil etildi.
“Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev va boshqalar ishtirok etib, mamlakatimizda ta’lim tizimini isloh qilish, kasb-hunar ta’limini takomillashtirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, pedagoglarning maoshi va kasbiy malakasini oshirish, ish sharoitini yaxshilash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga e’tibor qaratishdi. Jumladan, davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oyasi asosida mamlakatimizda Uchinchi Renescans poydevorini yaratish va milliy yuksalishni ta’minlashning aniq chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Natijada yangicha mazmun va shakldagi Prezident hamda Ijod maktablari faoliyat olib bormoqda.
Samimiy muloqot shaklida davom etgan tadbirda joriy yilda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, kelgusida mo‘ljallangan rejalar atroflicha muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining “Men doimo ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, deb ta’kidlashim bejiz emas. Chunki ta’limni rivojlantirmasdan turib, yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz…”, — degan xalqchil e’tirofi har bir o‘qituvchi qalbiga iftixor bag‘ishlashi, uni yanada mas’uliyat bilan ishlashga undashi tabiiy. Ushbu yuksak e’tibor natijasida pedagoglarning oylik maoshi bosqichma-bosqich oshib bormoqda. Hozir mamlakatimizdagi 30 ming nafarga yaqin, shundan 1200 nafar qoraqalpog‘istonlik o‘qituvchi yuqori oylik maoshi olib kelayotgani ham fikrimiz tasdig‘idir.
Qurultoy doirasida 120 nafardan ortiq o‘qituvchi va ustozlar ishtirokida boshlang‘ich ta’lim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyot yo‘nalishlari bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etildi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida uzoq yillik samarali mehnati va jamoat ishlaridagi faolligi uchun bir guruh o‘qituvchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Uning doirasida 7 nafar ustoz “Ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni, 10 nafar o‘qituvchi esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari