Zamin bekor aylanmas ekan,
Vaqt fazoda fitna tugadi.
Yulduzlarning gohi gohida
Yer shariga ko‘zi tegadi.
Tutqun singil — Oy to‘lmas bekor.
Tovonimga kirgan tikanning
Yupiterda hisoboti bor.
Tili bo‘lsa aytsin dengizlar,
Esi bo‘lsa tushunsin odam.
Yupanch uchun kelmas kunduzlar,
Qo‘rquv uchun tug‘ilmas tun ham.
Yer degani kulcha non emas,
Har it tishlab qochib ketgali.
Piyolamas, Somon yo‘lidan
Tosh otganda sinib bitgali.
Yer — Tangrimning muhri bor uzuk,
Muallaqmas, u juda muqim.
Shubhalangan borib, uyg‘otib,
Beruniydan so‘rashi mumkin.
Yo‘q, bekorga aylanmaydi Arz,
G‘am, shodlikda muvozanat bor.
Faqat qaytib qutilinar qarz,
Katta, juda katta hisob bor.
Juda katta dargoh bor — beshak,
Juda ulug‘ nigohni ko‘rdim.
Bobom otgan ona Mamontning
Gunohiga men qo‘rqib turdim.
Tomirdagi qonim ko‘p qadim,
Garchi ko‘p bor tig‘ urdi riyo.
Buxoriyning tahoratidan
Qolgan suvga yuz chaygil, Dunyo.
Ey, sen, ko‘kka bir bor boqmagan,
Ruhi — bandi, mudragan yurak.
Bolang “non” deb qo‘l cho‘zgan payti,
Senga Quddus nimaga kerak!?
Panamangni yechgin boshingdan,
Men do‘ppimni olay qo‘limga.
Mahatmani otgan qotil ham
Kimga o‘xshar, sengami, menga?
Bunda chekma — dimiqdi olam,
Ruhiyatni tutunlar quchdi.
Uyg‘onolmay chirpanar bolam,
Oyoqlari Ozonni teshdi.
U bilmaydi, u ma’sum go‘dak,
Oldda qanday qismat turganin.
Meteormas, qotillar ruhi
Yerga toshlar otib yurganin.
Zerikkandan yo‘l tortmas quyosh,
U noumid to‘kmayotir ter.
Meni quvsang, yetolmasin deb,
Dili og‘rib aylanadi yer.
Brunoni yoqib, so‘ng uning
Yorug‘ida o‘q yo‘ngan, ey, kin,
Sharq ko‘targan mash’ala tomon
Yetsin deya aylanar zamin.
Bir karvonda ketayotirmiz,
Ketayapmiz, yo‘ldoshim, ishon.
Nechun sovuq zerikishingga
Payg‘ambarlar bo‘lsinlar nishon?..
Aytmay desam, aytmoq — menga farz,
Yozmay desam, yurak to‘la she’r.
Boqqil, qanday kengdir bu olam,
Qara, qanday aylanadi yer.
Beshik kabi chayqaladi yer.