13-17 noyabr kunlari Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining (UNCCD) bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi (CRIC21) o‘tkazildi.

Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilgan tadbirda Konvensiyaga a’zo yuzdan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan 1000 nafarga yaqin ishtirokchi, mahalliy va xorijlik ekspert qatnashdi.

Besh kun davomida qatnashchilar yerni barqaror boshqarish, qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish, qishloq xo‘jaligida ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash, yer degradatsiyasi va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishda strategik maqsadlarni amalga oshirish borasidagi muammolar va imkoniyatlarni ko‘rib chiqdi.

17 noyabr kuni anjuman yakunlari bo‘yicha brifing o‘tkazildi.Brifingda BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha konvensiya (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov, CRIC21 raisi, Serbiya sog‘liqni saqlash instituti bo‘lim boshlig‘i Biljana Kilibarda, mahalliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

UNCCD ijrochi kotibi Ibrohim Tiau Samarqand mezbonlik qilgan 21-sessiya yuqsak saviyada tashkil etilgani va muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlab, buning uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.

– Samarqanddagi sessiya ko‘lami, tadbirlar ko‘pligi va muhokama etilgan mavzularning dolzarbligi bilan yodda qoladigan bo‘ldi, – dedi Ibrohim Tiau. –  Bu galgi sessiya konvensiya tarixida bir qator jihatlari bilan tarixiy ahamiyat kasb etdi. Xususan, birinchi marta rasmiy dasturlar tashkil etildi, ishtirokchilar soni bir ming nafarga yaqinlashdi, tadbirlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali 1,5 milliard kishi kuzatib bordi. Muhokamalar davomida bildirilgan fikrlar, takliflar bizni tashvishga solib kelayotgan global muammolarga yechim topishga xizmat qiladi.

– Konvensiya qabul qilinganidan buyon birinchi marta Markaziy Osiyoda uning ijrosi bo‘yicha sessiya o‘tkazilishi nafaqat mazkur mintaqa, balki butun dunyo xalqlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, – dedi Biljana Kilibarda xonim. – Bu avvalo cho‘llanishga qarshi kurashish, yer degradatsiyasi bo‘yicha konvensiyaga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar vakillarining o‘zaro fikr almashishi, hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlarni belgilab olishi uchun navbatdagi muhim qadamdir. E’tiborlisi, bu galgi sessiya ishtirokchilar soni ko‘pligi va o‘tkazilgan tadbirlar ko‘lami kengligi, ijtimoiy, siyosiy va milliy tashkilotlardan vakillar qatnashgani bilan esda qolarli bo‘ldi. Yig‘ilish va uchrashuvlarda muhokama etilgan masalalar, chaqiriqlar ham butun dunyo xalqlarining manfaatlariga, sayyoramizda iqlim o‘zgarishlari va buning oqibatida yuzaga keladigan holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Har bir panel sessiya bo‘yicha xulosalarni umumlashtirgan holda zarur tavsiyalar ishlab chiqdik va ulardan konvensiya implementatsiyasida foydalanamiz.

O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov sessiya doirasida chang va qum bo‘ronlari bo‘yicha yuqori darajali tadbirning o‘tkazilishi va unda mazkur muammoning global muammo sifatida qayd etilishi eng muhim voqelardan biri bo‘lganini ta’kidladi.

– Bu tadbir dunyoda chang va qum bo‘ronlari muammosi ko‘tarilgan ilk global tadbir hisoblanadi. Va ushbu tadbirga mamlakatimiz ilk bor mezbonlik qildi, – dedi O.Qudratov.

Brifingda 2024 yil dekabr oyida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Konvensiya ishtirokchilarining 16- konferensiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan Chang va qum bo‘ronlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi ko‘rib chiqilishi bildirildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri