Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Transformatsion jarayonlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy hokimiyat organlari vakillari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari T.Romanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri birinchi o‘rinbosari A.Prenov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari Q.Karimxodjayev, Hududlarni iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashish markazining Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari A.Nurmanbetov va boshqalar so‘zga chiqib, nodavlat notijorat tashkilotlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish, ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ularning huquqiy asoslari to‘g‘risida gapirdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, nodavlat notijorat tashkilotlari bugunga kelib, tom ma’noda jamiyat va davlatimizning barqaror taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Fuqarolik jamiyati haftaligi islohotlar jarayonlarining barcha ishtirokchilari uchun konstruktiv muloqot maydoni bo‘lib, ularning sa’y-harakatlarini birlashtirishga, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
–Mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali sohani jadal rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi rahbari T.Romanov, – Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmi yildan yilga oshib bormoqda.
Tadbir ishtirokchilari kun tartibidagi mavzular bo‘yicha o‘zlarining tavsiya va takliflarini bildirdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari