FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Jolliboy Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida tasviriy va amaliy san’atga qiziquvchi yosh iste’dodlarning ijodiy kamoloti uchun barcha sharoit yaratilgan.

Ushbu san’at dargohida ta’lim olgan Baxtiyor Serekeyev, Qozoqboy Xo‘jamuratov, Navro‘z Aytmuratov, Elenora Abduqodirova, Dilnoza Odilchayeva, Anipa Ortiqova, Aynura Sapekeyeva, Biybinoz Qaypovalar mahoratli rassom, tajribali hunarmand va dizayner sifatida keng jamoatchilikka yaxshi tanilgan.

Bundan tashqari, Berdaq nomidagi Davlat mukofoti sohibi, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi rassom Murod Xudoyberganov, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga mehnati singan madaniyat xodimi Guliston Turdimuratova, O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi Avezjon Davletova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Jenis Lepesov kabi faxriy ustozlar ushbu maktab-internatda yoshlarga saboq bergan.

2016 yilda mazkur san’at maktab-internati zamonaviy yangi binoga ega bo‘ldi. Hozirda bu yerda “Dasgohli rangtasvir rassomi”, “Teatr sahna bezagi rangtasvir rassomi”, “Liboslar dizayni”, “Badiiy kashtachilik usta rassomi”, “Badiiy kulolchilik usta rassomi”, “Badiiy yog‘och o‘ymakorligi usta rassomi”, “Badiiy gilam va gobelenlar usta-rassomi” kabi yo‘nalishlarda 300 dan ziyod o‘g‘il-qiz saboq olmoqda.

Mahoratli usta-pedagoglar ko‘magida qalami charxlanayotgan o‘quvchilar “Kamoliddin Behzod izdoshlari”, “Konstitutsiya – ranglar jilosida”, “Vatanim ravnaqiga mening hissam”, “Kamalak” yulduzlari” kabi respublika ijodiy tanlov va festivallarida ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA