FOTOREPORTAJ
Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Xalila Davletnazarov tavalludining 70 yilligi munosabati bilan “Sizdan meros bo‘lib, yaxshilik qolsin” nomli musiqali-adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi va shoirlar, adabiyotchi olimlar, madaniyat va san’at sohasi vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Xalila Davletnazarov qalami o‘tkir shoir bo‘lish bilan birga, mahoratli jurnalist sifatida ko‘p yillar televideniye, radio va respublika gazetalari tahririyatlarida samarali mehnat qilgan. Hozirda “Amudaryo” jurnalining bosh muharriridir. Ijodkorning mazmunga boy she’rlari va poemalari jamlangan o‘ntadan ortiq to‘plami chop etilgan. Shuningdek, lirika janridagi qator she’rlariga musiqa bastalangan.
Tadbirda Xalila Davletnazarovga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan berilgan “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni tantanali tarzda topshirildi.
Tadbir so‘nggida shoir she’rlariga bastalangan qo‘shiqlardan tuzilgan konsert dasturi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
O‘zA fotomuxbiri Maqsad HABIBULLAEV olgan suratlar