So‘nggi yillarda davlat aktivlarini va yer uchastkalarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan ob’ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish, ayniqsa, tadbirkorlarga bino va inshootlar, yer uchastkalarni ajratishning elektron, ochiq va shaffof tizimi yaratilganligi ular faoliyatlarining kengayishi va rivojlanishida, mulkdorlar safining yanada ko‘payishida katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida bir qator ishlar amalga oshirildi.
– Jumladan, joriy yilning o‘zida jami 128 ta davlat aktivi auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, shundan 28 tasi 9,2 milliard so‘mga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilishiga erishildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Maxsud Radjapov. – Xususan, Qo‘ng‘irot tumanida joylashgan “Qo‘ng‘irot-Ustyurt temir yo‘l obod” parandachilik kompleksi 3,6 milliard so‘mga, Nukus shahrida joylashgan Qozonxona binosi 1,3 milliard so‘mga, Ma’muriy bino 731 million so‘mga,To‘rtko‘l tumanida joylashgan xizmat ko‘rsatish binosi 899,7 million so‘mga, Amudaryo tumanida joylashgan bo‘sh turgan bino 597,9 million so‘mga sotildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2023 yil 31 avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan davlat aktivlarini auksion savdolari orqali sotishda bir qancha imtiyozlar berildi.
Jumladan, sotilgan narxidan qat’i nazar, sotib olish to‘lovlarini 7 yil muddatga bo‘lib to‘lash imkoniyati, auksion savdolarida sotilgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq to‘lovlar 3 oy ichida to‘liq to‘langanda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar berish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion savdolariga boshlang‘ich qiymati 50 foizga kamaytirilgan holda chiqarilishi, xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan davlat aktivlarini (bundan hududi 10 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari mustasno) sotishdan tushgan mablag‘lar, ularni baholash va sotish harajatlari chegirilgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hududiy jamg‘armasiga maqsadli yo‘naltirilishi belgilandi.
Bugungi kunda tadbirkorlar mazkur imtiyozlardan keng foydalanayotgan bo‘lib, sotilgan davlat ob’ektlari bo‘yicha tuzilgan 3,4 milliard so‘mlik 18 ta oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha to‘lovlar 3 oy ichida to‘liq to‘langanligi uchun tadbirkorlarga shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar berildi. Natijada tadbirkorlar tomonidan 841,1 million so‘m iqtisod qilindi.
Davlat idora va korxonalariga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulklarni auksion savdolari orqali ijaraga berish bo‘yicha 1 ming 136 ta ijara shartnomasi rasmiylashtirilib, tadbirkorlik sub’ektlariga 10,4 milliard so‘mga ijaraga berildi. Shuning natijasida 8,3 milliard so‘m tushum mahalliy byudjetga tushirilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2023 yil 24 martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan bo‘lib, mazkur qarorga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 114 ta (shundan, 82 ta ko‘chmas mulk ob’ekti, 32 ta davlat ulushi) davlat va davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlarning aktivlari ommaviy savdolar orqali xususiylashtirilishi belgilandi. Bugungi kunda mazkur davlat aktivlari belgilangan tartibda ommaviy savdolarga chiqarilmoqda
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri