Bojxona sohasida tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarning qo‘llanilish tartibini teran tushuntirish, huquqiy maslahat va ko‘mak berish maqsadida “Bojxonachi – tadbirkor tayanchi” shiori ostida targ‘ibot ishlari davom etmoqda.

Qo‘ng‘irot tumanidagi “UZ KOR GAS CHEMICAL” qo‘shma korxonasi vakillari bilan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi afzalliklari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu yirik sanoat korxonasida asosan tabiiy gaz mahsulotini qayta ishlash orqali polietilen va polipropilen mahsuloti ishlab chiqariladi. Joriy yil boshidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi orqali korxonaning 35,8 million AQSH dollari qiymatidagi 6,3 tonna mahsulotlari importga rasmiylashtirilgan. 174 million AQSH dollari qiymatidagi 207 tonna plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar hamda neft mahsulotlarining eksporti ham amalga oshirilgan.

Bojxona xodimlaridan iborat ishchi guruh Qonliko‘l tumanidagi “Unipaper” MCHJda bo‘lib, korxonaning qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonlari bilan tanishdi. Qiymati 700 ming AQSH dollariga baholangan loyihaning amalga oshishi yiliga 300 tonna qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, 30 nafar aholi ish bilan band bo‘lishi rejalashtirilgandi.

Lekin ishchi guruh vakillarining joyiga chiqqan holda o‘rganishlari natijasida uning amalga oshirilishida bir qator muammolar mavjudligi sababli xorijiy investitsiya mablag‘lari umuman o‘zlashtirilmaganligi va mazkur loyiha istiqbolsiz ekanligi aniqlandi. Ishchi guruh vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi mutasaddilari bilan uchrashib, shu va boshqa loyihalardagi mavjud muammolar yechimi yuzasidan muhokama o‘tkazdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri