Tatariston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Joriy yil 5 oktyabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi davomida Qozon shahrida Tatariston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanov bilan uchrashib, muhim loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilishni “Yo‘l xarita”siga binoan amalga oshirishga kelishib olishgan edi. Shu asosda Tatariston Respublikasi delegatsiyasi Nukus shahridagi bir qator ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha muloqotlar olib bordi.
Dastlab mehmonlar bir nechta turdagi maishiy texnikalar ishlab chiqarilayotgan Nukus shahridagi “Prime electric engineering” korxonasida bo‘ldi. Tatariston Respublikasi rahbari bu yerdagi ish jarayoni, ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Keyingi manzil “Akfa assembly” plastik deraza va romlar ishlab chiqaruvchi korxona bo‘ldi. Mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xorijiy mamlakatlarga eksport qilinayotgani bilan ahamiyatli. Uning ishga tushirilishi natijasida 200 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan eshik va romlar dizayni va yuqori darajadagi sifati bilan tashrif buyuruvchilarda qiziqish uyg‘otdi.
Shundan keyin mehmonlar bo‘sh turgan eski hududiy paxta terminali bilan agrotexnika korxonasini borib ko‘rdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi A.Orinbayev va Tatariston Respublikasi rahbari R.Minnixanov yangi korxonalarni ishga tushirish orqali hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish, yangi mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldi.
Shuningdek, mehmonlar I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida bo‘ldi. ”Sahrodagi luvr”, “Sharq gavhari” nomlarini olgan mazkur muzeydagi durdona asarlar butun dunyo e’tiborini tortib kelmoqda. Tatariston Respublikasi rahbari muzeyda saqlanayotgan bebaho eksponatlar bilan tanishar ekan, bu yerga sayyohlar oqimini yanada kuchaytirish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasidan yuqori texnologiyalar yordamida tayyorlanayotgan mahsulotlar bilan bir qatorda qo‘l mehnati, xalq amaliy san’ati namunalari, yurtimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ham o‘rin olgan.
Mehmonlar qoraqalpoq xalqining urf-odatlari bilan qiziqdi. Nukus shahrida tashkil qilingan qoraqalpoq milliy ovulida qoraqalpoq xalqining milliy buyumlari, qo‘l mehnati hunarmandchiligi namunalari, madaniyati bilan tanishdi. Ayniqsa, milliy taomlar mehmonlarda o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi.
Shu kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Tatariston Respublikasi o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro muloqot bo‘lib o‘tdi. Jumladan, ta’lim, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aylanmasini kuchaytirish, savdo-iqtisodiyot, eksport va import sohalarida uzoq muddatli hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri