Poytaxtimizda Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning 61-konvensiyasi o‘z ishini boshladi.

Dunyoning yuzdan ziyod davlatidan delegatlar, taniqli professional bokschilar, promouterlik kompaniyasi vakillari qatnashayotgan anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari O.Ramatov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti O.Umarov, WBC prezidenti Maurisio Suleyman, yoshlar siyosati va sport vaziri A.Ikromov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q.Rafiqov va boshqalar konvensiya dasturidan o‘rin olgan tadbirlarning yuqori saviyada o‘tishiga omad tiladi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston professional boks federatsiyasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan lavhalar namoyish etildi. Shuningdek, WBC tarixiga oid hujjatli film ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi.

Yil yakunlanib borar ekan, barcha soha va yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi WBC tashkiloti ham o‘zining yillik faoliyati sarhisobi hamda rejalarini belgilashni maqsad qilgan. WBC faoliyati sarhisobi va rejalarining aynan Toshkentda amalga oshirilishi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, uning kun tartibidan ta’lim, doping, hakamlik, xalqaro munosabatlar, boks qoidalari, reytinglar, chempionlik kamarlari, xayriya va jamoat tashabbuslari kabi bir nechta masalalar bo‘yicha yig‘ishlar o‘tkazilishi o‘rin olgan. Konvensiya doirasida yurtimizga kelgan mehmonlar qadim va hamisha navqiron Samarqand shahrida ham bo‘ladi. Shuningdek, jahon professional boks yulduzlari mamlakatimizda yosh bokschilarga o‘z mahorat saboqlarini ulashishi ham konvensiya kun tartibidan o‘rin olgan.

Konvensiya ish tartibi 17 noyabrga qadar davom etib, aynan shu kuni poytaxtimizdagi “Humo Arena”da katta professional boks kechasi uyushtiriladi.

O‘zbekistonning LIFT promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan boks oqshomining markaziy jangi superog‘ir vaznda Bahodir Jalolov hamda JAR vakili Kris Tompson o‘rtasida kechadi.

Bundan tashqari, Abdumalik Halakov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Mujibillo Tursunov, Qudratillo Abduqahhorov singari taniqli charm qo‘lqop ustalarimiz WBC ijroiya qo‘mitasi guvohligida janglarda ringga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning 61-konvensiyasida qatnashish uchun mamlakatimizga Evander Xolifild, Xulio Sezar Chaves, Kostya Szyu, Aleksandr Usik, Vasiliy Lomachenko, Amir Xan kabi nomdor bokschilar yetib keldi. Professional boksning tirik afsonalaridan biri Mayk Taysonning esa 16 noyabr kuni Toshkentga tashrif buyurishi kutilmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA