Oramizdagi odamlar

Kegaylining olis qishlog‘i Darvozaqumda tug‘ilgan qoraqalpoq qizi Hurliman vaqti kelib To‘rtko‘lda, ichki ishlar tizimida leytenant bo‘lib xizmat qilaman deb sira ham o‘ylamagandi.

U tug‘ilganda onajonisi Gulxanoy opa va otasi Botirbek og‘alar yaxshi niyatlar ila ismini qoraqalpoqning ulug‘ shoiri Berdaq bobomizning qizlari nomi ila Hurliman deb atashni xush ko‘rishgandi. Onasi o‘qituvchi emasmi, kelajakda qizining o‘qimishli, yetuk inson bo‘lishini, to‘g‘rirog‘i, shoira bo‘lishini orzu qilgandi. Hurliman esa bolalikdan og‘ir-bosiq, jiddiy qiz bo‘lib o‘sdi. Bir kuni Rossiya televideniyesi kanalidan ko‘rib qolgani – militsioner qiz haqidagi kinofilm uni sehrlab qo‘ydi. Formasi o‘ziga yarashgan, qat’iyatli, kezi kelganda jasoratli qizning harakatlariga qoyil qoldi. Ko‘nglida qandaydir ulug‘ niyatlar uyg‘ondi… Kechalari ko‘z oldiga o‘sha qiz kelaverar edi. Qanday ajoyib, qanday dadil qiz-a… Eh, Hurliman, sen qaydayu u qayda! Sen bir ovulning qizi bo‘lsang…

Shunaqa savollar, xayollar Hurlimanni tinch qo‘ymasdi. O‘zini tergab, o‘zini solishtirib, men ham shunday bo‘laolarmikanman, degan o‘y-xayollar yosh o‘quvchi qiz qalbini zabt etib, titratardi, orzular qilardi…

“Yoshlikda olingan ilm-toshga o‘yilgan naqshdir”, deyishgan. Qahramonimiz ham maktabda yaxshi o‘qidi. Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining pedagogika-psixologiya fakultetida o‘qib yurgan paytlarida ham bolalikdagi havas bir zum bo‘lsada, uni tark etmadi…

– Olloh nimani qattiq istasang, shunga qarab, senga yo‘l ochib qo‘yarkan,– deydi bugun Hurliman. –Orzularim, intilishim, o‘qib-o‘rganishim meni niyatlarimga yetkazdi. Ollohimga behisob shukrlar bo‘lsinki, meni tushunguvchi, qo‘llab-quvvatlovchi turmush o‘rtog‘im, Nukus davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi, yurist, pedagog-psixolog Xursand Xo‘jayev, Firdavsjon ismli o‘g‘lim, yaxshi ishim, o‘zim sevgan kasbim bor.

Hurliman Nukusda oliy ta’lim oldi, Amudaryoning Mang‘it shahridagi o‘zbek oilasiga kelin bo‘ldi, bugun esa To‘rtko‘l Ichki ishlar bo‘limida sevgan ishida mehnat qilmoqda. Leytenant, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha ispektor-psixolog.

– Bilasiz, o‘smirlik – inson hayotining eng qaynoq, jo‘shqin davri. Yoshlar bu paytda bilib-bilmasdan xatolikka yo‘l qo‘yishi mumkin. Gohida hissiyotlarini jilovlay olmay, ba’zan sho‘xlik, qiziqqonlik yuzasidan bir ishlarni qilib qo‘yadi, – deydi Hurliman. – Bu amalga oshirgan ishi ayb yoki jinoyat ekanligini kech bilishadi. Natijada farzandining beodobligidan boshi egilgan ota-onalarni aytmaysizmi?! Kasbimiz faqat nazorat qilishni emas, kerak bo‘lsa, bolaga eng zarur psixologik yordamlarni ham berishni taqozo etadi. Bola tarbiya topgan muhit birlamchi bo‘lib, u kelajakda oilada olgan narsalarini namoyon etadi. Inspektor psixologlarimiz to‘g‘ri yondashib, har bir bolani asrab qolishga, mehrli bo‘lib, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalab, voyaga yetishiga ko‘maklashishimiz kerak.

Darvoqe, Hurliman Pirniyozova kundalik ish jarayonida yaxshi, quvonchli voqealar qatorida xunuk, ko‘ngilni ranjitadigan hodisalarga ham duch keladi. Urush-janjallarni ko‘rib, ba’zida boshi qotgan kunlari, nega shunday og‘ir kasbni tanladim-a, deb o‘ylanib ham qoladi… Lekin qat’iy harakatlari, yelib-yugurishlari ijobiy yakun topgan kunlari yana o‘ziga tasalli beradi…

Amudaryoda qaynonasi Tozagul opa Matniyozova, qaynotasi Gulmirza ota Xo‘jayevlar “Melisa kelinimiz!” deb ardoqlashadi.

Hamkasblari Hurlimanning ishchan, faolligini alohida ta’kidlashadi.

– Bo‘limimizda uch qiz mehnat qiladi. Oyzodaxon qizimiz g‘oyatda bilimli, Surayyoxon ham o‘ziga yarasha shirinso‘z, g‘ayratli qiz. Hurliman yoshlar bilan ishlashda o‘ziga xos tajribali. Uchalasi ham maqtovga loyiq qizlarimiz, – deydi To‘rtko‘l tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Maqsud Sherimbetov.

Mana shunday o‘qimishli, ham oilani, ham davlatning ishini uddalab kelayotgan kelinlarimiz ibrat va havasga arzigulikdir.

To‘rtko‘l tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Jaloladdin Mambetov ”Hurliman Pirniyoyazova tirishqoq, o‘z ishiga mas’uliyatli ichki ishlar xodimlarimizdan biri” deya o‘zining xolis, iliq va samimiy fikrlarini bildirdi.

Yaqinda Ichki ishlar hodimlari kasb bayrami kunida Hurliman bilan tanishib, suhbatlashib, To‘rtko‘limizda shunday melisa kelinimiz borligidan faxrlandim.Ilohim, ichki ishlar tizimida ishlayotgan Hurlimandek mehnatkash, fidoyi barcha ayollarimiz, singil va kelinlarimiz Vatanimiz baxtiga omon bo‘lsin.

Shirinoy Razzoqova,

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.

O‘zA