O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi bojxona qo‘mitasining xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i R.Akramov rahbarligida mutaxassislar Qoraqalpog‘istonda investitsiya loyihalarining amalga oshirish jarayonlari bilan tanishdi.
Sayyor o‘rganish ishlari Xo‘jayli tumanidagi “MIDASIATEX CLUSTER” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan boshlandi. Trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi uchun ushbu tadbirkorlik sub’ektiga 2,2 million AQSH dollari qiymatidagi xorijiy investitsiya ajratilgan bo‘lib, hozirda 1,2 million AQSH dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Joriy yil oxirigacha ishga tushirilishi ko‘zda tutilayotgan mazkur loyiha yana 70 nafar mahalliy aholini ish bilan ta’minlashiga imkon yaratadi.
Keyingi manzil “FUBO NUKUS” mas’uliyati cheklangan jamiyat bo‘ldi. Bu yerda tibbiyot va kosmetologiyada keng foydalaniladigan qizilmiya ekstrakti ishlab chiqarilib eksportga yo‘naltirildi. 100 ming AQSH dollari qiymatidagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan mazkur loyiha ishga tushishi bilan yana 5 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ishlov berilgan qizilmiya ildizidan chiqqan chiqindilardan yoqilg‘i granulalarini (pellet) ishlab chiqarish loyihasini ilgari surayotgan “FARMERGY” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati o‘rganilganida, ajratilishi belgilangan 600 ming AQSH dollari qiymatidagi xorijiy investitsiyaning shu kunga qadar 66 foizi o‘zlashtirilib, loyiha istiqbolli ravishda amalga oshirilayotganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur loyiha to‘liq ishga tushgach 12 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarish tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish, yalpi ichki mahsulot hajmini oshirishga erishish doirasida investitsiya loyihalariga har tomonlama ko‘maklashish ishlari hududlarda tizimli asosda davom etmoqda.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri.