Qaror va ijro
Mamlakatimizda yo‘l xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish va raqamlashtirish, sohada sifat nazoratini kuchaytirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xususiy sektor korxonalarini keng jalb qilish uchun sharoit yaratish hamda byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishda davlatimiz rahbarining joriy yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu qaror bilan yo‘l xo‘jaligi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankidan jalb qilinadigan imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 14 ta tumanda umumiy foydalanishdagi 414,1 kilometrlik avtomobil yo‘lida “loyihalash–qurish –ekspluatatsiya qilish” uslubini joriy qilgan holda 28 ta pilot loyiha amalga oshiriladi.
Shuningdek, A380 «G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu» avtomobil yo‘lining 964–1204 km (240 km) qismini sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish, 581–673 km (92 km) qismini sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish (To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarini aylanib o‘tish), 2024 – 2027 yillarda Osiyo taraqqiyot bankining kredit mablag‘i hisobidan mazkur avtomobil yo‘lining 673 – 698 km (25 km) qismini rekonstruksiya qilish, 2025 – 2029 yillarda 581–673 km (92 km) qismini rekonstruksiya qilish, 2024 – 2026 yillarda “Sement-beton qoplamali mahalliy va ichki yo‘llarni qurish”, 2024 – 2028 yillarda Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki krediti hisobidan “Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash” loyihalari bajariladi.
Orolbo‘yi hududida yo‘llarning tez buzilishiga asosiy sabablardan biri bu og‘ir yukli avtomobillar qatnovining ko‘pligi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2023-2026 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 trillion 747 milliard so‘mlik 4 ming 881,9 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash parametrlari belgilandi.
–Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha jami 12 ming 381,5 kilometr avtomobil yo‘llari bo‘lib, shundan ichki xo‘jalik yo‘llari 8 ming 127,5 kilometrni tashkil etadi,–deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llaridan foydalanish bosh boshqaramasi direktori Shavkat Dauletyarov.–Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari 4 ming 254 kilometr, davlat ahamiyatidagi yo‘llar 986 kilometr, mahalliy ahamiyatdagi yo‘llar 2604 kilometr va xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar 664 kilometrdan iborat. Boshqarma va uning tizimidagi korxonalar tomonidan joriy yilning o‘tgan oylari mobaynida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda markazlashgan manbalar hisobidan 795,1 kilometr avtomobil yo‘llarida 500,3 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlarini olib borish belgilangan. Shundan bugungi kunga umumiy foydalanishdagi 149,6 kilometr yo‘lda ta’mirlash ishlari bajarildi.Shuningdek, investitsiya dasturi doirasida 8,5 kilometr, mahallalarda birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga ajratilgan mablag‘lar hisobidan 51,4 kilometr yo‘l ta’mirlanib, to‘la ta’mirlash ishlari dasturi bo‘yicha 9,3 milliard so‘mlik ish hajmi bajarildi.
Bundan tashqari, ichki avtomobil yo‘llarida davlat dasturlari doirasida 484,9 kilometr yo‘l ta’mirlandi. Shu jumladan, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha 445,9 kilometr, mahallalarda birinchi navbatda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha 29,1 kilometr yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borilib, “Tashabbusli byudjet” dasturi bo‘yicha 3,6 milliard so‘mlik ish bajarildi. Bundan tashqari, yaratib berilgan imkoniyatlar natijasida avtomobil yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha “Mening yo‘lim” dasturi doirasida “Tashabbusli byudjet” platformasi orqali fuqarolarning tashabbuslari bilan g‘olib bo‘lgan ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha 54 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda hududdagi 2 ming 792 kilometr umumiy foydalanishdagi, 4 ming 591,5 kilometr ichki xo‘jalik, jami 7 ming 383,7 kilometr yo‘l ta’mirga muhtoj hisoblanadi. Bugungi kunda hududlarning ijtimoiy hamda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, ayniqsa, chekka mahallalarda “Tashabbusli byudjet” hamda “Mening yo‘lim” dasturlari doirasida bir qator amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda. Ushbu ishlarga shahar va tumanlardagi 1 ming 377 nafar xodim, 368 dona texnika jalb qilingan.
Yo‘llarni sifatli etib foydalanishga topshirish va xizmat ko‘rsatish muddatini uzaytirish uchun yo‘l xo‘jaligi sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash talab qilinadi. So‘nggi uch yil mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun jami 26 dona yangi texnika xarid qilindi. Ayni paytda 117 dona texnika nosoz, 90 dona texnika yaroqsiz holatga kelib qolgan.
Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori mazkur muammolarni bartaraf qilish, yangi yo‘llar barpo etish hamda yo‘llarni joriy va kapital ta’mirlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri