Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi bilan hamkorlikda har haftaning payshanba kuni ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati va mutaxassislari ishtirokida dastlabki anjuman bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda kuz-qish mavsumining boshlanishi bilan tashkilot, korxona va aholi xonadonlarining isitishga bo‘lgan talab ortib boradi. Shuning uchun ham mavsumda ayrim fuqarolarning isitish uskunalaridan noto‘g‘ri foydalanishi oqibatida turar joylarda yong‘inlar soni ortadi.
Tahlillarga ko‘ra, respublikada sodir bo‘layotgan yong‘inlarning 90 foizi aholi xonadonlarida yuz bermoqda. Fuqarolarning isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanishi, xavfsizlik qoidalariga amal qilmasligi oqibatida ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘lishi kuzatilgan.
Kuz-qish mavsumida ko‘pchilik aholi xonadonlarida qo‘lbola isitish jihozlaridan foydalanish natijasida is gazidan zaharlanish holatlari ham uchrab turadi. Shuningdek, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, dudbo‘ronlarni o‘z vaqtida tozalamaslik, uy ichini isitish maqsadida ochiq olovdan foydalanish ham zaharlanishga olib kelish sir emas.
Tadbirda boshqarma tomonidan ijtimoiy soha ob’ektlarida, aholi xonadonlarida baxtsiz hodisa hamda favqulodda holatlarning oldini olish borasida kuch va vositalarni jalb qilgan holda o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar, targ‘ibot-tashviqot ishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, shahar va tumanlardagi xodimlar tomonidan aholi o‘rtasida va mehnat jamoalarida 7500 ga yaqin uchrashuv hamda suhbatlar o‘tkazildi. Ularda xavfsizlik qoidalari bo‘yicha 80 mingdan ziyod eslatma, buklet va boshqa turdagi ko‘rgazmali tashviqot materiali tarqatildi. Ta’lim muassasalarida 181 ta amaliy o‘quv-mashg‘uloti o‘tkazilib, ularga 4,5 ming nafardan ziyod o‘quvchi hamda talaba jalb qilindi. Ommaviy axborot vositalarida 7 mingga yaqin material chop etildi.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari