Taniqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazovning hayoti va fidokorona xizmatiga bag‘ishlangan yozuvchi Muratboy Nizanovning “Musa Yerniyazov” nomli kitobi Nukus shahridagi “Yetti iqlim” nashriyotida chop etildi.
Hujjatli-bibliografik yo‘nalishdagi ushbu kitobdan M.Yerniyazovning bolalik va yoshlik yillari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar o‘rin olgan. Yuksalish yo‘lidagi sinovli, mas’uliyatli bosqichlardan matonat bilan o‘tganligi, boshqalardan ajralib turadigan insoniy fazilatlari to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Kitobxonlar M.Yerniyazovning 18 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi vazifasidagi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari sifatidagi samarali faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Ushbu yillar davomida Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy salohiyatini oshirish, shahar va ovullarni obod qilish, aholi turmushini yaxshilash yo‘lidagi ulkan rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan hurmat qozongani haqidagi lavhalar kitobxonga yangilik bo‘lsa ajab emas.
Bundan tashqari, qahramonning zamondoshlari, yaqinlari va oila a’zolarining xotiralari kitobning mazmunini yanada boyitishga xizmat qilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri