Sportimiz fidoyilari

Armrestling sport turi ilk bor AQSHda 1950 yili paydo bo‘lib, Bob O`leri uning shakllanishida katta rol o‘ynagan. Bu sport turi dastlab yuk mashina haydovchilari orasida keng tarqalgan. Bilamizki, yuk mashina haydovchilari uzoq yo‘llarga yurish asnosida turli joylarda to‘xtaydi. Shu vaqtda o‘zaro nizolarning oldini olish, haydovchilar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida armrestling sport turi o‘ylab topilgan.

1977 yildan boshlab mazkur sport turi bo‘yicha jahon chempionati muntazam o‘tkazib kelinadi. Sirdaryo viloyatida ham bu sport turi bilan shug‘ullanuvchilar ko‘p. Ikkinchi guruh nogironi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, “Ona zamin” mukofoti sovrindori, “Jasorat” medali, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi Umidjon Ahmedov ushbu  sport turi bilan muntazam shug‘ullanib keladi. U 17 karra O‘zbekiston, 11 karra jahon chempioni, degan yuksak sharafga musharraf bo‘lgan. Umidjon yaqinda Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ham munosib ishtirok etdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

– Guliston shahridagi sport maktabida 1998 yildan buyon armrestling murabbiyi sifatida faoliyat olib boraman. O‘tgan yillar o‘zim va shogirdlarim uchun muvaffaqiyatli yil bo‘ldi. Shogirdlarim orasida shu vaqtgacha 17 karra Osiyo chempioni, 3 karra jahon chempioni, bir nafar kumush medali sovrindori, ko‘plab O‘zbekiston chempionlari bor. Sirdaryo viloyatini ilk bora dunyo hamjamiyati armrestling sport turi bo‘yicha tanigan, desam, xato emas, – deydi Umidjon Ahmedov. – Birgina Guliston shahridagi sport maktabida 2 500 ga yaqin sportchi armrestling bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda noolimpiya sport turlari qisqartirilmoqda. Buning natijasida Guliston shahrining o‘zida minglab sportchilar faoliyatini tugatishiga to‘g‘ri keladi. Buni viloyatimiz miqyosida va respublika darajasida hisoblasak, juda katta raqamlar kelib chiqadi. Yosh sportchilardan farqli ravishda murabbiy, sportchilar nima bilan shug‘ullanishadi? Bo‘sh qolgan yigit-qizlarimiz nima qiladi? Rahbariyatimiz noolimpiya sport turlariga ham jiddiy e’tibor qaratsa. Olimpiada o‘yinlariga borish uchun barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Ham moddiy, ham ma’naviy rag‘batlantiriladi. Mana shunday e’tibor noolimpiya sport turlari sportchilariga ham ko‘rsatilsa yaxshi bo‘lar edi. Yoshim 45 ga kirdi. Shu vaqtgacha sportni tark etmaganim boisi, yosh avlodga nogiron bo‘lsam-da, motivatsiya berish.

Chindan ham, bugun Gulistonda yoshlar 70 ga yaqin sport turi bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Ulardan 50 dan ortig‘i noolimpiya sport turlariga kiradi. O‘zbekiston va xalqaro maydonlarda noolimpiya sport turlari sportchilarining ko‘rsatayotgan natijalari ham ancha salmoqli.

Ot o‘rnini toy bosar, deyishadi. Taniqli sportchining farzandi ham ota izidan bormoqda. Katta farzandi Xondamir 10-sinf o‘quvchisi. 2022 yilda armrestling bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, Osiyo kubogi kumush medali sovrindori, sport ustasi, xalqaro toifadagi sportchi, degan nomlarni qo‘llga kiritgan.

Biz bilan suhbatda Umidjon Xalqaro olimpiada qo‘mitasiga Jahon armrestling federatsiyasi tomonidan bu sport turini olimpiada o‘yinlariga kiritish taklifi berilganini aytib qoldi. Agar taklif qabul qilinsa, 2028 yilda Los-Anjeles olimpiadasida armrestling o‘yinlarida uning shogirdlari ishtirokiga guvoh bo‘lishimiz, shubhasiz.

Yana bir ma’lumot, joriy yilning noyabr oyida Samarqand shahrida Osiyo kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Unda murabbiyning 8 nafar shogirdi va viloyat miqyosida esa 20 nafardan ortiq armrestlingchi qatnashishi kutilmoqda.

Biz yuksak jasorat va metin iroda sohibi Umidjon Ahmedovning kelgusi faoliyatida ulkan zafarlar tilab qolamiz.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri