Fransiyaning Parij shahridagi “Shatelet” teatrida “France Football” jurnali talqini bo‘yicha yilning eng yaxshi futbolchisini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda “Oltin to‘p” sovrini Lionel Messiga topshirildi. Messining ushbu sovrinni qo‘lga kiritishiga asosiy sabab Argentina terma jamoasi bilan Jahon chempionati va “PSJ” klubi bilan Fransiya chempionati g‘olibiga aylangani bo‘ldi. Shuningdek, u jahon birinchiligining eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etilgan edi.

Messi sakkizinchi marotaba “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi. Bu yilgi ushbu sovrin uchun u “Manchester Siti” a’zosi Erling Holland va “PSJ” hujumchisi Kilian Mbappe kabi futbolchilar bilan kurash olib bordi.

Shuningdek, ayollar orasida “eng yaxshi ayol futbolchi” sovrinini “Barselona” futbolchisi Aytana Bonmati qo‘lga kiritdi. U “Barselona” bilan Chempionalar ligasi, Ispaniya terma jamoasi bilan Jahon chempionatini qo‘lga kiritdi. Bonmati “Oltin to‘p” uchun “Chelsi” a’zolari Sam Kerr va Milli Brayt kabi ayol futbolchilar bilan raqobatlashdi.

Shuningdek, taqdirlash marosimida “Manchester Siti” klubi “eng yaxshi erkaklar futbol jamoasi”, Erling Hollandga esa “Gerd Myuller” (yil to‘purari) sovrini topshirildi. Jud Bellingem esa mavsumning “eng yaxshi yosh futbolchisi” deb topildi. Darvozabonlar uchun eng nufuzli sovrinlardan biri bo‘lgan “Lev Yashin” sovrinini Argentina terma jamoasi bilan Jahon chempioniga aylangan va tarixdagi eng esda qolarli seyvlardan birini amalga oshirgan Emiliano Martines qabul qildi.

“Real Madrid” klubi a’zosi Vinisius Junior “Sokrates” sovrini sohibiga aylandi. Ma’lumot uchun, ushbu sovrin yil davomida ijtimoiy va xayriya loyihalarida eng ko‘p ishtirok etgan futbolchiga topshiriladi. Vinisius irqichlikka qarshi kurashdi va Braziliyada ta’limga mablag‘ ajratdi. U kambag‘al talabalar uchun ta’lim dasturi Vinisius Junior institutining asoschisi hisoblanadi. 2022 yilda Vinisiusning sarmoyasi 335 ming yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda u 1 million yevrodan oshdi, 2024 yilda esa 2,5 millionga yetishi kutilyapti.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA